
Namanganda o‘tkazilayotgan 65-xalqaro gullar festivali davomida viloyat jamoasi bir oy ichida 30 mlnga yaqin gul ekib, Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin oldi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Ginnes World Records talabiga ko‘ra, rekord qayd etish uchun kamida 1 mln gul ekilishi lozim edi. Biroq Namangan viloyati mutasaddilari tomonidan hech qanday texnikadan foydalanmasdan 29 406 384 ta gul ko‘chatlari ekilib, ushbu mezon bir necha baravar oshirib bajarildi. Rekord natijasi festivalning tantanali ochilish marosimida rasman tasdiqlandi.

Marosimda Ginnesning rekordlar kitobi vakili Shayela Subasi tomonidan maxsus sertifikat Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovga topshirildi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili tayyorgarlik jarayonida 100 mln tup gul ekilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 150 mln tupga yetkazilgan.
1961-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan festival 2018-yildan xalqaro maqomga ega bo‘lgan. Joriy yilgi tadbir 24-maydan 12-iyulgacha davom etadi. Festival doirasida 150 ga yaqin turli tadbirlar, jumladan, ilmiy anjumanlar, forumlar, yarmarkalar, konsertlar va dron shoulari o‘tkaziladi. Festival davomida 5 mlnga yaqin mehmonlar tashrifi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro miqyosdagi eng yirik Islom sivilizatsiyasiga oid muzey sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirgan edi.