
23-may kuni O‘zbekistonning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida sel oqimlari yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli hududlardagi toshqin holatlari aks etgan videolar ham tarqalmoqda.
Namangan viloyati, Chust tumanining yuqori hududlari hamda qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi chegara qismlarida yog‘gan kuchli jala yomg‘irlari oqibatida Qoraqo‘rg‘on qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Ko‘kseraksoy soyiga taxminan 13–15 m³/s hajmda sel suvlari kelgan. Ma’lum qilinishicha, suv oqimi hududdagi suv omboriga talafotsiz quyilmoqda.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida ham sel oqimlari kuzatildi. Xususan, «Duoba» MFY hududidagi Usmonlisoy va Tog‘terak qishloqlari orqali o‘tuvchi sel soyidan taxminan 3-4 m³/s hajmda sel oqimi o‘tgan.
Jizzax viloyatining Zomin tumani «Turkman» MFY hududidagi Turkman, Qovunkesdi va Beshbuloq qishloqlari orqali o‘tuvchi sel soyida taxminan 5 – 8 m³/s hajmda sel oqimlari kuzatilmoqda.
Shuningdek, Baxmal tumanining Madaniyat «MFY»dagi Buloqboshi qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi sel soyida ham taxminan 3 – 5 m³/s hajmda sel oqimi kuzatilgan.
Sariosiyo tumani (Surxondaryo viloyati)ning «Sangardak» MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Navro‘zdara» soyida taxminan 1-2 m³ hajmdagi sel oqimi talafotsiz o‘tib ketdi.
Viloyatining Uzun tumanida ham sel oqimi qayd etildi. Xususan, «Chinor» MFYdagi Xamzaobod massividan oqib o‘tuvchi nomsiz sel yo‘lida taxminan 2-3 m³/s hajmda sel suvlari oqib o‘tgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisalar oqibatida talafot kuzatilmagan.
Shu bilan birga, Boysun tumani «Darband» MFY hududidan oqib o‘tuvchi soyda sel oqimi kuzatildi.
Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining Narimon, Katlos va Jauz qishloqlari hududlarida qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida tog‘ va adirliklardan yig‘ilgan sel suvlari ichki yo‘llarni kesib o‘tib, Jinnidaryoga quyilgan.
Samarqand viloyatida esa Samarqand meteostansiyasida soat 11:15 dan 12:00 gacha davom etgan 45 daqiqalik kuchli yog‘ingarchilik paytida 28,6 mm yog‘in va momaqaldiroq qayd etilgan.
Viloyatda kuzatilgan kuchli sel oqimlari ayrim hududlardagi aholi uylarini yuvib ketdi. Viloyat hokimligi mutasaddilari suv toshqinidan zarar ko‘rgan odamlar bilan uchrashib, vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi hamda toshqin oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchiq dovonida kuzatilgan sel talafoti bartaraf etilgani haqida xabar qilgan edik.