Yangiliklar

Qashqadaryoda FVV ofitseri daryoga tushib ketgan 9 yoshli bolani qutqarib qoldi

Bola velosipedda muvozanatini yo‘qotib, daryoga tushib ketgan
Qashqadaryoda FVV ofitseri daryoga tushib ketgan 9 yoshli bolani qutqarib qoldi / Foto: FVV

Qashqadaryo viloyatida FVV ofitseri Husniddin Sharapov daryoga tushib ketgan 9 yoshli bolani qutqarib qoldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hodisa 23-may kuni taxminan soat 17:00 larda Kitob tumani «Bog‘bon» mahallasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bola velosiped minib ketayotganida muvozanatini yo‘qotgan va Qashqadaryo daryosiga tushib ketgan.

Foto: FVV

Voqeani ko‘rgan bolaning akasi atrofdagilarni yordamga chaqira boshlagan. Shu paytda daryo yaqinida yashovchi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi, mayor Sharapov bolalarning ovozini eshitib qolgan va zudlik bilan suvga sakrab, bolani qutqarib olgan.

Hozirda bolaning ahvoli yaxshi va u o‘z uyida. Ma’lumot uchun, Mayor Husniddin Sharapov Kitob tumanidagi qutqaruv qismlaridan birida guruh komandiri lavozimida xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroning Vobkent tumanida yashovchi profilaktika inspektori inson hayotini saqlab qolgani uchun muddatidan oldin «mayor» unvoni bilan taqdirlangan edi.