
O‘zbekistonda 25-may kuni «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat avtomobillaridan foydalanishi vaqtincha taqiqlanadi.
Mazkur tartib prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umumxalq loyihasi bo‘yicha farmonida belgilangan. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida «Avtomobilsiz kun» hamda «Avtomobilsiz hafta» tadbirlari tashkil etib boriladi.
Farmonga asosan, aksiya kunlari davlat idoralari xodimlari xizmat transport vositalaridan foydalana olmaydi. Agar ushbu sanalar ish kuniga to‘g‘ri kelsa, haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan boshlab eski avtomobillarni topshirgan fuqarolar va tadbirkorlar uchun yangi transport vositasini xarid qilishda автокredit foizining bir qismini qoplab berish tizimi ham joriy qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 10-may kuni respublika bo‘ylab «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazilishi haqida yozgandi.