
O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshirilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimotda shu masalada taklif berildi.
Unda ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlar sifatini oshirish hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqishga doir chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Taqdimotda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur asbob-uskunalar va reagentlar xaridiga qo‘shimcha mablag‘ ajratish taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, ilmiy rahbarlar mas’uliyatini kuchaytirish, dissertatsiyalar bo‘yicha natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini joriy etish ham ko‘zda tutilmoqda. Ilmiy daraja berish jarayonlarini raqamlashtirish orqali byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish ham taklif etildi.
Shuningdek, ilm-fan va real sektor integratsiyasini kuchaytirish maqsadida «Loyiha doirasida ilmiy daraja» hamda «Amaliy doktorantura» dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu yondashuv ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan bog‘lashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ilmiy loyihalarni baholash va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilish hamda ilmiy faoliyatda shaffoflikni oshirish bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, akademik halollikni mustahkamlash va ilmiy faoliyatni monitoring qilishning yagona raqamli tizimini joriy etish masalalari ham qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy tilda o‘qiganlar uchun magistraturada til sertifikati talab etilmasligi haqida xabar bergan edik.