
Endilikda elektron tijorat operatorlari o‘z faoliyati doirasidagi nooziq-ovqat mahsulotlar xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilindi.
Loyihada yangi mahsulotlar bilan bir qatorda ishlatilgan yoki ta’mirlangan tovarlar, shuningdek internet orqali sotilayotgan mahsulotlar ham xavfsizlik talablariga javob berishi shartligi qayd etilgan. Yetkazib beruvchilar mahsulot xavfsizligini kafolatlagan holda ularni savdoga chiqarishi lozim bo‘ladi. Bu esa sifatsiz mahsulotlar savdosining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, hujjatda Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha bitimi talablari ham inobatga olingan. Xususan, texnik reglamentlar xalqaro savdoda ortiqcha to‘siqlar yaratmasligi, mahsulotlar uchun teng sharoitlar ta’minlanishi hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldi olinishi ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasiga muvofiq, mahsulotni yetkazib berish zanjirida qatnashuvchi barcha tadbirkorlik subyektlari — ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, sotuvchi va elektron tijorat operatorlari mahsulot xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi. Qoidalar buzilgan taqdirda mahsulot savdodan chiqarilishi va jarima qo‘llanishi belgilangan.
Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi tizimi joriy etilishi haqida yozgan edik.