Sport

Eron Jahon chempionatidagi bazasini AQShdan Meksikaga ko‘chiradi

Foto: Umit Bektas / Reuters

Futbol bo‘yicha Eron terma jamoasining Jahon chempionatidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini AQShdan Meksikaga ko‘chiriladi. Bu haqda Eronning FarsNews nashri ma’lum qilgan.

Eron futbol terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini AQShdan Meksikaga ko‘chiradi. EFF prezidenti Mehdi Tojning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasidan (FIFA) joylashuvni o‘zgartirish uchun ruxsat olgan. FIFAning o‘zi hozircha bu haqda hech qanday izoh bermagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Toj va uning jamoasi Istanbulda FIFA vakillari hamda chempionat tashkilotchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng, Tehronda FIFA bosh kotibi bilan onlayn yig‘ilish o‘tkazib bazani ko‘chirish bo‘yicha ijobiy javob olgan. Shuningdek, terma jamoa Meksikaga va u yerdan ortga Iran Air reyslari orqali yetib olishi ham mumkinligi ta’kidlandi.

Eron futbol terma jamoasining o‘quv-mashg‘ulot bazasi Arizona shtatining Tukson shahrida joylashgan bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Baza ko‘chirilishi AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishi, shuningdek, AQSh vizalarini olish qiyinlashgani va xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolar sabab muhokama qilingan. Eron terma jamoasi endi Meksikaning Tixuana shahrida joylashadi.

Foto: FIFA

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Vankuverdagi kongressda nutq so‘zlagan FIFA rahbari Janni Infantino Eron o‘z o‘yinlarini aynan AQShda o‘ynashini ma’lum qilgandi. O‘shanda Kanada tomoni EFF vakillariga mamlakatga kirishni rad etgani sababli kongressda Eron delegatsiyasi qatnashmagan.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati uchun tarkibi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.