
Indoneziyaning Gunadarma universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi rasman ish boshladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Gunadarma universiteti Indoneziyaning yirik oliygohlaridan biri bo‘lib, unda 40 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.
Universitet rektori Eko Shri Margianti markaz ochilishi O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi ta’lim hamda madaniy hamkorlikni mustahkamlashini ta’kidladi.

Markazda o‘zbek tilini o‘qitish, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish hamda Alisher Navoiy merosini o‘rganish rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitetda o‘zbek tili filologiya va turizm fakultetlari uchun fakultativ fan sifatida joriy etiladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Gunadarma universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Indoneziya erkin savdo bitimi bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzolagandi. Tomonlar 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 82 foizga oshganini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barqaror ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, karantin va fitosanitariya tartib-taomillarini jadallashtirish, shuningdek, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish masalalari muhokama qilindi.