
Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola virusiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 900 dan ortiq gumon qilingan holatlar va 101 ta tasdiqlangan kasallanish holati aniqlandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.
Kasallik o‘chog‘i hisoblangan Ituri provinsiyasida qariyb 5 mln kishi doimiy qurolli to‘qnashuvlar ostida yashamoqda. Aholining har to‘rtinchi vakili gumanitar yordamga muhtoj bo‘lsa, har beshinchisi o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan shaxslardir.

Zo‘ravonliklar oqibatida aholi, jumladan tibbiyot xodimlari va gumanitar yordam ko‘rsatuvchilar ham qochishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat kasallikka chalinganlarni qidirish va ularga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini keskin pasaytirmoqda. Xavfsizlikning yo‘qligi va qo‘rquv sababli aholi o‘rtasida shifokorlarga ishonchsizlik kuchaygan.
JSST va uning hamkorlari Iturida eng borish qiyin bo‘lgan hududlarda ham faoliyatini davom ettirmoqda. Mutaxassislar aholi nafaqat Ebola, balki boshqa xavfli kasalliklar bilan ham yuzlashayotganini ta’kidlashmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri futbol bo‘yicha Kongo terma jamoasi Ebola tufayli mashg‘ulotlarini bekor qilgani haqida xabar bergan edi.