Yangiliklar

Namanganda qariyb 500 million so‘mlik sifatsiz dorilar savdosi fosh etildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Namanganda qariyb 500 million so‘mlik sifatsiz dorilar savdosi fosh etildi / Foto: Ukandeu

Namangan viloyatida qiymati 495,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan, ro‘yxatdan o‘tmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari savdosi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Chortoq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida MChJ rahbari faoliyatida qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u «Baynalminan» MFY hududida joylashgan dorixonada umumiy qiymati 495,7 mln so‘mlik 633 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlarini savdoga qo‘ygan.

Tekshiruvda ushbu mahsulotlarning davlat reyestrida qayd etilmagani, muvofiqlik sertifikatiga ega emasligi hamda ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tib ketgani aniqlangan. Mazkur mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda noqonuniy dori ishlab chiqarish sexi aniqlangan edi. Ular turli dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni yashirin tarzda ishlab chiqargan.