Yangiliklar

Navbat Samarqandga: shaharda tashqi reklama uchun yagona dizayn-kod joriy etiladi

Reklama yozuvlarining hajmi, rangi va aniq joylashuvi ham belgilanadi
Navbat Samarqandga: shaharda tashqi reklama uchun yagona dizayn-kod joriy etiladi
Foto: TUST

Samarqandda tashqi reklamalarni tartibga solish uchun yagona dizayn-kod joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartib shahar ko‘rinishini yaxshilashga qaratilgan. Unda reklama konstruksiyalari, peshlavhalar, yozuvlar, fasadlar va yoritish tizimiga qo‘yiladigan talablar belgilanadi. Viloyat hokimligiga ko‘ra, muammo ayniqsa tarixiy markaz va turistik hududlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Katta va nazoratsiz reklama konstruksiyalari me’moriy uyg‘unlikni buzayotgani ta’kidlandi.

O‘tgan hafta Samarqand viloyati hokimligida yangi dizayn-kod konsepsiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Unda tashqi reklamani joylashtirish va shahar muhitini tartibga solish masalalari muhokama qilingan. Viloyat hokimi Aziz Boboyev barcha detallarni hisobga olish zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bino fasadi, yozuvlar, reklama konstruksiyalari, korxona va brend nomlari yagona talab asosida bo‘lishi kerak.

Shuningdek, reklama yozuvlarining hajmi, rangi va aniq joylashuvi ham belgilanishi lozim.

«Birdaniga qilish qiyinroq. Bir boshdan bitta-bitta ko‘cha, bitta ko‘cha, bitta ko‘cha qilib sekin-sekin, bosqichma-bosqich hammasini bir tartibga olamiz», — degan viloyat hokimi.

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘limi rahbari Jasur Negmatovga ko‘ra, yig‘ilishda shahar qiyofasini buzayotgan reklama konstruksiyalari muhokama qilingan. Uning aytishicha, Samarqandning yuqori turistik salohiyati ham inobatga olinadi. Eski shahar hududida reklama shu hududga mos uslubda joylashtiriladi. Zamonaviy qismda esa boshqa yondashuv qo‘llanadi.

Avvalroq «Kursiv» kompaniya nomi yozilgan peshlavhalar reklama hisoblanmasligi haqida yozgan edi.