Yangiliklar

O‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish xizmati 31-iyulgacha ishlamaydi

26-maydan 31-iyulgacha
Foto: Ta’lim xabarlari

O‘zbekistonda o‘quvchilarni bir umumta’lim maktabidan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati yoz oylarida vaqtincha ishlamaydi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tayanib, O‘zA agentligi xabar berdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra ota-onalar farzandini boshqa maktabga o‘tkazish uchun ariza bilan murojaat qiladi va murojaat maktab rahbari tomonidan qisqa muddatda ko‘rib chiqiladi. Biroq yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari sabab xizmat ma’lum davrga to‘xtatib turiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, o‘quvchini boshqa maktabga ko‘chirish xizmati 26-maydan 31-iyulgacha amalga oshirilmaydi. Shu vaqt davomida erp.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda o‘quvchilarni sinfdan sinfga o‘tkazish jarayonlari olib boriladi.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur davlat xizmati 1-avgustdan qayta ishga tushiriladi.

Shuningdek, o‘quvchini sinfdan sinfga yoki boshqa maktabga o‘tkazish jarayoni bepul amalga oshirilishi yana bir bor eslatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarni tabriklagani haqida yozgandi.