
2026-yilning yanvar – aprel oylarida O‘zbekistonda chet el valyutasiga bo‘lgan jami talab $20,4 mlrdni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 24,3 foizga yuqori. O‘tgan yilning yanvar – aprel oylarida talab $16,4 mlrd bo‘lgan.
Hisobot davrida yuridik shaxslar qariyb $16 mlrd, jismoniy shaxslar esa $4,4 mlrd valyuta xarid qilgan.

Shuningdek, chet el valyutasi taklifi ham oshgan. Yanvar – aprel oylarida jami taklif $18 mlrdga yetib, o‘tgan yildagiga nisbatan 33,9 foizga ko‘paygan.
Aholi tijorat banklariga $8,2 mlrd sotgan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi $9,8 mlrdni tashkil qildi.

Bu davrda dollar kursi 11 938 – 12 320 so‘m oralig‘ida o‘zgargan. Hisobot yakunida milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan 0,6 foizga mustahkamlangan.
Mazkur davrda almashuv kursi tebranuvchanligi o‘rtacha 28,5 so‘mni yoki 0,23 foizni tashkil etdi (2025-yilning yanvar – aprel oylarida mazkur ko‘rsatkich 13,6 so‘m yoki 0,11 foizga teng bo‘lgan).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25-may kungi eng yaxshi xorijiy valyuta kurslari haqida ma’lumot berilgandi.