
O‘zbekistonda 2026-yil aprel oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 6,5 foizga oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, indeks 1065 birlikni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga yuqori.
Tahlillarga ko‘ra, iqtisodiy faollik o‘sishiga bank operatsiyalari, birja savdolari va yangi tovar belgilarining ko‘payishi asosiy ta’sir ko‘rsatgan.

Aprelda bank hisob-raqamlaridagi operatsiyalar soni 8,3 foizga oshgan. Tovar-xom ashyo birjasida savdo hajmi esa 5,4 foizga ko‘paygan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari soni 514,7 mingtaga yetgan. Bu mart oyiga nisbatan 3,6 mingdan ortiq o‘sishni anglatadi.
Shuningdek, yangi ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilari soni 33,9 foizga oshib, 529 tani tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Qoraqalpog‘istonda qayd etildi. Bu yerda indeks 46,2 foizga oshgan. Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham yuqori o‘sish kuzatilgan.
Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi umumiy savdo hajmi aprel oyida 8,5 trln so‘mga yetib, bir oyda 14,4 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etilishi xabar qilingandi. Yangi nizomga ko‘ra, imtiyoz va preferensiyalar haqidagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.mf.uz platformasida shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar o‘zaro integratsiya orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tadbirkorlarga bepul taqdim etiladi.