Yangiliklar

Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda logistika xabi ochadi

Shaigan Pharma kompaniyasi
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda logistika xabi ochadi
Foto: depositphotos

Pokistonning Shaigan Pharma kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari uchun logistika xabini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu masala O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va kompaniya rahbari Vaxid Ahmed o‘rtasidagi muzokarada muhokama qilindi, deya xabar berdi «Dunyo».

Tomonlar mahsulotlarni mahalliylashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish va O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo hamda MDH bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Logistika xabi kompaniya mahsulotlarini mintaqa davlatlariga tez va samarali yetkazishga xizmat qiladi.

Shaigan Pharma 1993-yilda tashkil etilgan. Kompaniya 200 dan ortiq turdagi dori vositalari, vitaminlar va ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqaradi.

Kompaniya joriy yil iyul oyida O‘zbekistonga biznes-missiya bilan kelishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Pokiston onkologiya va yurak-qon tomir kasalliklari uchun dori ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi xabar qilingandi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahri, Lahor va Ar-Riyod ustuvor manzillar sifatida tanlangan.

Hozirgi vaqtda xalqaro konsalting kompaniyalari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqmoqda. Pokiston vakili zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘nlab million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishini ma’lum qildi.