Yangiliklar

Qashqadaryoda tekshiruvni “bosdi-bosdi” qilish evaziga pora olgan IIB xodimi ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Qashqadaryoda tekshiruvni «bosdi-bosdi» qilish evaziga pora olgan IIB xodimi ushlandi / Foto: DXX

Qashqadaryo viloyatida olib borilgan tekshiruvni pora evaziga hal qilib bermoqchi bo‘lgan IIB xodimi hamda vositachi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan ayol va uning 2009-yilda tug‘ilgan qizining telefonida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani yuzasidan viloyat IIB tomonidan tekshiruv olib borilgan. Mazkur masalani tanishlari orqali ularning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan 1978-yilda tug‘ilgan shaxs vositachilik qilib, 3 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu masalani ijobiy hal qilish evaziga vositachidan 2,5 mln so‘m olayotgan paytda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish), vositachilik qilgan shaxsga nisbatan esa 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari pora bilan ushlangan edi.