Yangiliklar

Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktabni 1,1 mln o‘quvchi bitirmoqda

O‘zbekistonda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari boshlandi
Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktabni 1,1 mln o‘quvchi bitirmoqda
Foto: karakalpakstan.uz

O‘zbekistonda 25-may kuni «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil respublikadagi 10,2 mingta maktabni 1,1 mln nafardan ortiq o‘quvchi bitirmoqda, deb xabar berdi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.

Shundan 472,4 ming nafari 11-sinf, 621,9 ming nafari esa 9-sinf bitiruvchilarini tashkil qiladi. Maktablarda bitiruv tadbirlari «Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

So‘nggi qo‘ng‘iroq
Foto: poytaxt hokimligi matbuot xizmati

Ma’lumotga ko‘ra, 9-sinf bitiruvchilarining 16,5 ming nafariga a’lo darajali shahodatnoma beriladi.

11-sinf o‘quvchilarining 9,7 ming nafari oltin, 2 ming nafari esa kumush medal bilan taqdirlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarni tabriklagandi. Mirziyoyev yoshlarni Yangi O‘zbekistonni dunyoga tanitadigan bunyodkor kuch deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, 25-may kuni soat 18:00 da Olimpiya shaharchasida bitiruvchilar uchun yirik shou-kecha tashkil etiladi. Kirish bepul.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, konsert dasturida 20 dan ziyod san’atkorlar qatnashadi. Tadbir davomida mashhur qo‘shiqlar, shou dasturlar va bayramona muhit bitiruvchilar uchun taqdim etiladi.