Yangiliklar

Toshkentda avtobuslar qatnovi 23:45 gacha davom etadi — «Toshshahartransxizmat»

Yozgi mavsumda avtobuslar qatnovini tungacha uzaytirish masalasiga ochiqlik kiritildi
Foto: Toshshahartransxizmat

Toshkent shahrida avtobuslarning kechki soat 10:00 dan keyin harakatlanishini to‘xtatishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari ma’lum qildi.

Jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisining tashishni tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komilon Qodirov yoz faslida jamoat transportining harakat jadvallariga doir savolga javob berdi. Uning ta’kidlashicha, har bir yo‘nalishning o‘z qatnov jadvali bor.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/tungi-vaqt-tg.mp4

«Soat 10 dan keyin avtobuslar harakati to‘xtaydi degan gapga qo‘shilmayman. Har bitta yo‘nalishning o‘z grafigi bor», — dedi u.

Uning tushuntirishicha, kechki soat 20:30 dan so‘ng avtobuslar soni bosqichma-bosqich kamayib boradi. Shunga qaramay, poytaxt bo‘ylab tungi soat 23:45 gacha avtobuslar qatnovi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtdagi jamoat transportida sovitish tizimi 7-maydan boshlab bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, tashuvchilarga havo harorati +28 darajadan oshganda avtobuslarda konditsionerlarni doimiy ishlatish talabi qo‘yilgan. Salon ichidagi harorat esa +26 darajadan oshmasligi belgilangan.

Avvalroq Kursiv nashri Toshkentdan Nurafshongacha 30 daqiqalik avtobus yo‘lagi qurilishi haqida xabar bergan edi.