
Voyah Taishan X8 premium krossoveri Xitoyda rasman sotuvga chiqdi va ilk soatlardanoq katta talabga ega bo‘ldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, model taqdimotidan keyingi dastlabki 18 soat ichida 15 mingdan ortiq oldindan buyurtma rasmiylashtirilgan.
Qizig‘i, xaridorlarning 60 foizidan ko‘prog‘i eng qimmat Ultra+ versiyasini tanlagan. Model narxi komplektatsiyasiga qarab $40 mingdan $52 minggacha baholanmoqda.
Yangi Taishan X8 o‘lchamlari va formatiga ko‘ra Li Auto L9 bilan bir segmentda raqobatlashadi. Avtomobil uzunligi 5,2 metrni tashkil qiladi, g‘ildirak bazasi esa 3090 mmga teng.
Krossover yorug‘likli radiator panjarasi va DLP intellektual faralari bilan jihozlangan. Salonning asosiy jihatlaridan biri — Huawei bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan HarmonySpace 5.2 multimedia tizimi bo‘ldi. Ichki qismda 10 dyuymli raqamli panel, ikkita 15,6 dyuymli ekran va 55 dyuymli proyeksion displey o‘rnatilgan.

Model Qingyun Driving Platform 2.0 platformasida qurilgan. Unda adaptiv amortizatorlar, uch kamerali pnevmoosma va avtonom boshqaruv tizimi uchun to‘rtta lidar sensori mavjud.
Voyah Taishan X8 ikki xil kuch qurilmasida taklif qilinmoqda. PHEV gibrid versiyasi 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektromotor bilan jihozlangan bo‘lib, 645 yoki 666 ot kuchi ishlab chiqaradi. Elektromobil versiyasi ham ikki elektromotorli tizimga ega va 645 ot kuchini taqdim etadi.
Gibrid model faqat elektr rejimida 370 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin, umumiy yurish zaxirasi esa 1500 kilometrdan oshadi. Elektromobil versiyasida esa maksimal yurish masofasi 727 kilometrga yetadi. Tezkor quvvatlash orqali batareya 20 foizdan 80 foizgacha atigi 10–12 daqiqada to‘ldiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Voyah Passion S avtomobilining suratlarini e’lon qilingani haqida yozgandi.