Gadjetlar

Infinix Hot 70 smartfoni qanday xususiyatga ega

Qurilma budjet segmentiga mansub
Infinix Hot 70 haroratga qarab rangi o‘zgaradigan dizayn bilan chiqdi
Foto: Infinix

Infinix kompaniyasi tomonidan yangi Infinix Hot 70 smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Qurilma budjet segmentiga mansub bo‘lsa-da, uning asosiy jihati protsessor yoki kamera emas, balki haroratga qarab rangi o‘zgaradigan orqa paneli bo‘ldi.

Smartfonda Thermo Orange deb nomlangan maxsus qoplama qo‘llangan. Harorat past bo‘lganda orqa panel to‘qroq «Quiet Orange» rangida ko‘rinadi. Qurilma qizigan sari rang yorqinroq «Playful Orange» tusiga o‘tadi.

Smartfon korpusi 7,49 mm qalinlikka ega. Og‘irligi esa 195 grammni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichga katta sig‘imli akkumulyator ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Infinix Hot 70 6000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Qurilma 45 vattli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Infinix

Shuningdek, smartfonda 10 vattli teskari quvvatlash funksiyasi ham bor. Bu orqali uni quloqchin yoki boshqa kichik qurilmalarni quvvatlash uchun powerbank sifatida ishlatish mumkin. Qurilma MediaTek Helio G100 Ultimate chipida ishlaydi.

Hot 70 xotira bo‘yicha bir nechta variantda taklif etiladi. Ular 6/128 GBdan 8/256 GBgacha bo‘lgan konfiguratsiyalarni o‘z ichiga oladi. Smartfon 6,78 dyuymli IPS LCD ekran bilan jihozlangan. Displey aniqligi 720 x 1576 pikselni tashkil qiladi. Yangilanish chastotasi esa 120 Hzga teng.

Avvalroq Infinix arzon narxdagi Xpad 30E planshetini taqdim etgani haqida yozgan edik.