Yangiliklar

Kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 milliard so‘mgacha oshirilishi mumkin

2026-yil 1-iyundan boshlab
Kichik biznes uchun soliq chegarasi 5 milliard so‘mgacha oshirilishi mumkin / Foto: X

Kichik biznes subyektlari uchun soliq rejimini soddalashtirish maqsadida yillik tushum chegarasi 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshirilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev kichik biznesni rivojlantirish, soliq yukini kamaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda amaldagi ayrim soliq va ma’muriy tartibotlar kichik biznesning tabiiy o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi. Xususan, yillik tushumi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalar soddalashtirilgan soliq rejimida ishlashi, ushbu chegaradan oshgach esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘iga o‘tishi belgilangan. Mazkur chegara 2019-yilda o‘rnatilgani va hozirgi iqtisodiy sharoitga nisbatan eskirgani ta’kidlandi.

Takliflarga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasini 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshirish, shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida QQSni soddalashtirilgan tartibda 6 foiz stavkada to‘lash imkonini joriy etish taklif etildi. Bunda tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda ushbu tizimni tanlashi yoki amaldagi tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, hisobot yukini kamaytirish va xavf darajasi past tadbirkorlar uchun tekshiruvlarni cheklash bo‘yicha ham bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Past xavfli holatlarda QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, ayrim nazorat jarayonlarini bekor qilish hamda bank hisob raqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda QQS to‘lovchilari orasida xatoliklarning asosiy qismi shu toifadagi soliq to‘lovchilarga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli tadbirkorlarga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini kengaytirish, ayrim tekshiruvlarni cheklash hamda ma’muriy bosimni kamaytirish taklif qilindi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida qo‘shimcha yengilliklar, jumladan ayrim hisob-kitob va rasmiylashtirish tartiblarini soddalashtirish tashabbusi ham bildirildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyektlarining qonuniy o‘sishiga xizmat qilishi va budjetga qo‘shimcha tushumlarni oshirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipoteka krediti to‘laydiganlarga soliq imtiyozi avtomatik qaytarilishi haqida yozgan edik.