
O‘zbekiston Markaziy banki Yevropadagi xulq-atvor iqtisodiyoti va eksperimental tadqiqotlar bo‘yicha yetakchi markazlardan biri hisoblangan Behavia kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Hamkorlik doirasida tomonlar aholining moliyaviy qarorlari, kreditlardan foydalanish va qarzlarni qaytarish odatlarini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshiradi. Loyihaning asosiy maqsadi — xulq-atvor iqtisodiyoti yondashuvlari orqali moliyaviy tizim samaradorligini oshirish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Hozirda kreditlarni qaytarish intizomi bo‘yicha tadqiqotning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Unda fuqarolar orasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, qarzlarni vaqtida to‘lashga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar aniqlanmoqda.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, tadqiqot yakunlari asosida tijorat banklari va moliyaviy regulyator uchun yangi tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Behavia kompaniyasi shu paytgacha 20 dan ortiq davlatda 30 dan ziyod loyihalarni amalga oshirgan. Tashkilot Nobel mukofoti bilan taqdirlangan ilmiy yondashuvlarni davlat siyosati va iqtisodiy qarorlarga tatbiq etishga ixtisoslashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda Hindiston kompaniyasi bilan 50 mln dollarlik memorandum imzolangani haqida yozgandi.