
Migratsiya agentligi, Vatanparvar hamda Yaponiyaning Onodera User Run va Willer Express kompaniyalari hamkorligida tajribali haydovchilarni tezyurar avtobus va yuk mashinalari haydovchisi sifatida ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik xabar berdi.
Dasturda 21 yoshdan 38 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar qatnashishi mumkin. Talabgorlarda D, CE yoki BC toifadagi haydovchilik guvohnomasidan kamida bittasi bo‘lishi kerak. Shuningdek, guvohnoma olinganiga kamida 2,5 yil to‘lgan bo‘lishi va nomzod guvohnoma olganidan keyin O‘zbekistonda kamida 3 oy yashagan bo‘lishi shart.
Nomzodlar uchun Toshkent shahri Uchtepa tumanida 2026-yil iyun oyidan boshlab 10 oylik bepul yapon tili hamda kasbiy tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi. Kurs davomida yotoqxona bepul taqdim qilinadi. Dastur doirasida yapon tilini N3 darajasigacha o‘rganish rejalashtirilgan.
Ishning dastlabki 8 oylik o‘rganish davrida oylik maosh $1350– 1450 ni tashkil etadi. Haydovchilar to‘liq ish faoliyatini boshlaganidan so‘ng esa ustama va bonuslar bilan umumiy daromad $3 minggacha yetishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, ishchi vizasi, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta hamda turar joy xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Tanlov onlayn shaklda o‘tkaziladi. Nomzodlar ro‘yxatdan o‘tish uchun ushbu havola orqali anketa to‘ldirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiyada 1,8 ming dollar oylik bilan qurilish sohasida ish o‘rinlari e’lon qilingan edi.