Yangiliklar

Toshkentda 100 kmga yaqin yangi pulli avtomobil yo‘llari qurilishi mumkin

Muzokaralarda poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan
Toshkentda 100 kmga yaqin yangi pulli avtomobil yo‘llari qurilishi qurilishi mumkin
Foto: poytaxt hokimligi

Toshkent shahrida 100 kmga yaqin yangi pulli avtomobil yo‘llari qurilishi mumkin. Bu masala Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya va Xitoyning China Railway Construction Corporation kompaniyasi rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

Toshkent shahri hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Tomonlar shaharda qo‘shimcha pulli avtomobil yo‘llarini qurish istiqbollarini ko‘rib chiqqan. Jumladan, uzunligi qariyb 100 km bo‘lgan halqa pulli yo‘lini barpo etish masalasi muhokama qilingan.

Foto: poyaxt hokimligi

Shuningdek, kelgusi yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishida pulli magistral yo‘l qurish taklifi ham ko‘rib chiqilgan. Ushbu yo‘l shahar markaziy qismidan o‘tishi mumkin. Uchrashuvda faqat transport infratuzilmasi emas, balki Toshkentni kompleks renovatsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar shahar infratuzilmasini modernizatsiyalash, shaharsozlik va ekologiya sohalarida zamonaviy yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Shavkat Umurzakov China Railway Construction Corporation kompaniyasiga renovatsiya hududlaridagi loyihalarda ishtirok etishni taklif qilgan. Shuningdek, zamonaviy ekologik standartlar asosida qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan poligon qurish imkoniyatini o‘rganish taklif etilgan.

China Railway Construction Corporation vakillari Toshkent hokimligi takliflarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirgan. Kompaniya amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini qayd etgan.

Avvalroq «Kursiv» 27-may kuni Toshkentda jamoat transporti 04:00 dan ishlashi haqida yozgan edi.