
Qirg‘izistonda 18 yoshga to‘lmagan fuqarolarga elektrosamokat va boshqa shaxsiy mobil vositalarni ijaraga berishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, deb yozmoqda Economist.kg.
Loyiha deputat Meder Chotonov tomonidan ishlab chiqilgan. Hujjatda «Qirg‘iz Respublikasida yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonun va Huquqbuzarliklar kodeksiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Tashabbusdan maqsad yo‘l harakati xavfsizligini oshirishdir. Shuningdek, elektrosamokat va boshqa shaxsiy mobil vositalarni ijaraga berish xizmatlarini tartibga solish ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bunday vositalarni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarni xizmatdan foydalanishga qo‘ymasligi kerak. Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish vaqtida foydalanuvchidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘raladi. Bu pasport yoki elektron hujjat bo‘lishi mumkin.
Hujjatda bolalarni shaxsiy mobil vositalarni boshqarishga qo‘yganlik uchun jarimalar ham belgilanmoqda. Jismoniy shaxslar uchun jarima 20 ming somni tashkil etadi. Yuridik shaxslar esa 55 ming som jarimaga tortilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘izistonda Starlink interneti rasman ishga tushgani haqida yozgan edi.