
O‘zbekistonliklar Qurbon hayiti bayramini barqaror kosmik ob-havo sharoitida nishonlashi kutilmoqda. Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti (XRAS) taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 26–28 may kunlari respublika hududida salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kuchli magnit bo‘ronlari qayd etilmaydi.

Laboratoriya xulosalariga ko‘ra, 26-may kuni magnitosfera 78 foiz hollarda butunlay tinch holatda bo‘lishi kutilmoqda. Magnit bo‘roni yuz berish xavfi nisbatan past darajada bor-yo‘g‘i 7 foizni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, 27 va 28-may kunlari kosmik ob-havo sharoitlarida ba’zi kichik o‘zgarishlar ehtimoli mavjud.
Prognozlarga asosan, ushbu kunlarda magnitosferaning faollik darajasi oshishi ehtimoli 35 foizni, magnit bo‘roni sodir bo‘lish xavfi esa 16 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. 26-may kuni geomagnit fonning umumiy barqarorligi ta’kidlangan.

Navbatdagi ikki kunda, xususan, kunning birinchi yarmida geomagnit faollik biroz ortishi, lekin bu G1 (kuchsiz bo‘ron) darajasiga yetmasligi bildirilgan. Kp indeksi bu kunlarda yashil hududda qolib, eng yuqori ko‘rsatkichi 4 ga yetishi mumkin. Shuningdek, 26-mayda Ap indeksi 5 ni, keyingi ikki kunda 12 va 10 ni ko‘rsatadi. F10.7 indeksi esa barqaror bo‘lib, 130-135 oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri Toshkentda magnit bo‘ronlari qayd etilgani haqida xabar bergan edi.