
Raqobat qo‘mitasi Qurbon hayiti bayrami arafasida talab ortishi kutilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida yirik savdo tarmoqlari va hududlardagi savdo komplekslarini ogohlantirdi.
Qo‘mita tomonidan chakana savdo tarmoqlari va savdo komplekslariga mahsulot yetkazib beruvchilarning narxlarni o‘zgartirishi, logistika xarajatlari hamda narx oshishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar yuzasidan tezkor xabar berish talab qilingan.

Shuningdek, yetkazib beruvchilarni asossiz narx oshishining oldini olish borasida ogohlantirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilgan. Raqobat qo‘mitasi aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlashda o‘z vakolatlari doirasida barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv nashri Raqobat qo‘mitasi ikkita aviakompaniyaning reys kechikishlarini tekshirayotgani haqida xabar bergan edi.