Gadjetlar

Redmi K90 Ultra 100 vattli tezkor quvvatlash bilan chiqishi mumkin

Smartfon Xitoyda iyun yoki iyul oylarida taqdim etilishi mumkin
Foto: Redmi

Xiaomi kompaniyasiga tegishli Redmi K90 Ultra Xitoyning 3C sertifikatlash platformasida ko‘rindi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Hozircha qurilma rasman e’lon qilinmagan. Biroq 3C ro‘yxati uning tezkor quvvatlash imkoniyati haqida dastlabki ma’lumot berdi. Smartfon M332BF model raqami bilan qayd etilgan. Sertifikat ma’lumotlariga ko‘ra, Redmi K90 Ultra 100 vattli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Insayder Digital Chat Station bu model o‘rta segmentdagi yuqori unumdorlikka ega smartfon bo‘lishini aytmoqda.

Smartfonga Snapdragon 8 Elite chipi o‘rnatilishi kutilmoqda. Bu esa qurilmani o‘yinlar va og‘ir ilovalar uchun mos modelga aylantirishi mumkin. Qurilmada ikkita stereo dinamik, ultratovushli barmoq izi skaneri va chang hamda suvdan himoya bo‘yicha IP68/IP69 darajasi bo‘lishi aytilmoqda.

Redmi K90 Ultra’ning eng qiziqarli jihatlaridan biri ichki jismoniy sovutish ventilyatori bo‘lishi mumkin. Bunday yechim odatda geymerlarga mo‘ljallangan smartfonlarda uchraydi. Smartfon 8 500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanishi kutilmoqda. 100 vattli quvvatlash bilan birga bu ko‘rsatkich uzoq vaqt o‘yin o‘ynaydigan va faol foydalanuvchilar uchun muhim ustunlik bo‘lishi mumkin.

Smartfon Xitoyda iyun yoki iyul oylarida taqdim etilishi mumkin. Uning boshlang‘ich narxi 2 799 yuan, ya’ni taxminan $410 atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi Note 17 smartfoni qanday imkoniyatlari bilan chiqioshi haqida yozgan edi.