
SpaceX va xAI sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini ijaraga berish bozorida yangi mijozlar izlamoqda. Bu jarayon Colossus I data-markazining barcha quvvati Anthropic kompaniyasiga ajratilganidan keyin boshlandi.
Xabarga ko‘ra, Anthropic Colossus I data-markazidan 300 MVt quvvat oladi. Kelishuv uch yilga mo‘ljallangan. Kompaniya buning uchun har oy $1,25 mlrd to‘laydi. Shartnomada uni muddatidan oldin bekor qilish imkoniyati ham bor.
Ilon Mask kompaniya yirik miqyosda sun’iy intellekt hisoblash xizmatlarini taklif qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SpaceX va xAI boshqa potensial mijozlar bilan ham muzokara olib bormoqda. Kompaniyalar kelajakda bu yo‘nalishni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, orbitada data-markazlar ishga tushirilishi mumkinligi aytilmoqda. Bu sun’iy intellekt infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Aprel oyida Cursor startapi o‘z xizmatlarini xAI data-markazlarida joylashtirishini e’lon qilgan edi. SpaceX esa IPOdan keyin ushbu kompaniyani sotib olishga tayyorlanayotgani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, SpaceX’ning IPO jarayoni 12-iyunga belgilangan. Kompaniya kamida $75 mlrd jalb qilishni maqsad qilgan.
Avvalroq «Kursiv» Ilon Mask SpaceX kompaniyasidan qancha maosh olishi haqida yozgan edi.