Yangiliklar

Toshkentda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Ayrim xastaligi borlar ogohlantirildi

Hozirda Maxsus komissiya atmosfera havosini doimiy monitoring qilib bormoqda
Bugun havodagi chang zarrachalari miqdori ortishi mumkin
Toshkentda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Ayrim xastaligi borlar ogohlantirildi / Foto: Hafiza Muxtorova

27-may kuni Toshkent shahrida qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Ayrim xastaliklari bor fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi, deya xabar bermoqda Gidrometeorologiya xizmati agenligi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent hududiga g‘arbiy nam havo oqimlari kirib kelishi oldidan ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Kun davomida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor. Shamol g‘arbdan 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim vaqtlarda 10–12 m/s gacha kuchayishi, ba’zi hududlarda esa 15 m/s gacha yetishi mumkin.

Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi, atmosfera havosida esa chang zarrachalari, jumladan PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga oshishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq bu holat vaqtinchalik bo‘lib, g‘arbiy nam havo oqimlarining kirib kelishi va yog‘ingarchilik hisobiga havo asta-sekin tozalanishi kutilmoqda.

Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir xastaliklari bor fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Shuningdek, zarurat bo‘lmaganda ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda himoya niqoblaridan foydalanish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, may oyining so‘nggi kunlarida respublikaning qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkinligi haqida yozgan edik.