Qarashlar

Turkiyadan Malayziyagacha: o‘zbekistonliklar uchun qaysi xorij davlatida o‘qish qulayroq

Har bir davlatning o‘ziga xos afzalliklari bor: ayrimlari arzon va qulay, boshqalari esa iqtisodiy kuchli va keng ish imkoniyatiga ega
O‘zbekistonliklar uchun qaysi xorij davlatida o‘qish qulayroq / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar – mart oylarida 5 862 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘qish maqsadida xorijga safar qilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 21,2 foizga kamaygan bo‘lsa-da, xorij ta’limiga bo‘lgan qiziqish hanuz yuqori. Eng ko‘p talabalar Rossiya, Janubiy Koreya va Qirg‘izistonga yo‘l olgan. Shuningdek, Xitoy, Turkiya hamda Tojikiston ham eng ko‘p tanlanayotgan davlatlar qatorida. Ushbu maqolada o‘zbekistonliklar o‘qish uchun ko‘proq afzal ko‘rayotgan qator Yevropa va Osiyo davlatlari, u yerdagi ta’lim tizimi, shartnoma to‘lovi, yashash xarajatlari, stipendiya va madaniy masalalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Ushbu maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:

  1. Turkiya
  2. Qozog‘iston
  3. Germaniya
  4. Janubiy Koreya
  5. Malayziya

1. Turkiya

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbek talabalar Turkiyani sifatli va nisbatan hamyonbop ta’lim tizimi uchun tanlaydi. Bundan tashqari, til va madaniyatdagi yaqinlik sabab moslashish boshqa davlatlarga qaraganda osonroq kechadi. Turkiyada o‘qishga kirishning eng mashhur yo‘li – Türkiye Bursları stipendiya dasturi hisoblanadi. Bu dastur to‘liq grant bo‘lib, u o‘qish to‘lovi, yotoqxona, tibbiy sug‘urta va har oylik stipendiyani o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, universitetlarning o‘zini to‘lov-shartnoma asosidagi kirish imtihonlari ham mavjud. Narxlari yiliga $500 – $3 ming atrofida bo‘ladi. Talabalar uchun ishlash ruxsati odatda o‘qishdan keyin yoki maxsus ruxsat bilan beriladi.

Turkiyada o‘zbekistonliklar soni juda ko‘p, shuning uchun diaspora va moslashuv muammosi deyarli yo‘q. Jamiyat musulmon bo‘lgani uchun diniy va madaniy moslik yuqori. Bitirgach, Turkiya diplomlari Yevropa standartlariga mosligi sababli Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarida ishlash imkonini beradi. Migratsiya jihatidan esa doimiy yashash ruxsatnomasi — «oturum» olish mumkin, lekin raqobat ancha kuchli. 2025-yildagi holatga ko‘ra, 340 ming atrofida xorijlik talaba Turkiya universitetlarida ta’lim olmoqda.

Foto: Instagram

Turkiya poytaxti Anqarada tahsil olayotgan vatandoshimiz, «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Sevara Bahodirova xorijdagi talabalik hayoti va Turkiyadagi ta’lim tizimi haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi. Hozirda u Ankara Hacı Bayram Veli universitetining Jurnalistika yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

«Turkiyada tahsil olayotgan talaba sifatida ayta olamanki, grant asosida ta’lim olishda afzalliklar ko‘proq. Bunda universitet barcha xarajatlarni qoplab beradi. Oyma-oy beriladigan stipendiya esa hech bir tashvishsiz o‘qish uchun erkin sharoit yaratadi. Agar to‘lov-shartnoma asosida tahsil olganimda, balki bunday sharoit bo‘lmas, yashash xarajatlarini qoplash uchun ishlashimga to‘g‘ri kelar edi. Natijada, o‘qishga kelgan talaba sifatli ta’limdan mosuvo bo‘lishi mumkin», – deydi Sevara.

Foto: Instagram

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlar ko‘p emas. Shunga qaramay, mamlakatdagi oliy ta’lim tizimi va o‘qitish metodikasi sifat jihatidan yuqori bo‘lib, Yevropa standartlariga mos keladi. Shu bilan birga, u Turkiyada ta’lim olishning ayrim murakkab jihatlari ham mavjudligini ta’kidladi. Xususan, yashash xarajatlari O‘zbekiston bilan solishtirganda ancha qimmat ekani, mamlakatda inflyatsiya darajasi yuqoriligi talabalar uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi:

«Masalan, O‘zbekistonda narxlar 100 so‘mga oshsa, Turkiyada 1000 so‘mga oshadi. Menimcha, shu tomonlarini ham hisobga olish zarur».

Sevaraning fikricha, Turkiyadagi oliy ta’limning eng katta yutuqlaridan biri sifatli va xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimi hisoblanadi. Bundan tashqari, talabalar uchun xalqaro almashinuv dasturlari, stajirovkalar, grant va stipendiya imkoniyatlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Uning aytishicha, Erasmus dasturi orqali ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar bir semestr davomida Yevropa davlatlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

«90 foiz o‘zbek tanishlarim bir semestr Yevropada o‘qib kelgan yoki ayni paytda tahsil olmoqda», – deya ta’kidladi vatandoshimiz.

Foto: Instagram

Qahramonimiz magistratura bosqichi uchun salkam $5 minglik grantni qo‘lga kiritgan. Universitet tomonidan esa har oy 9500 TL (taxminan $210) miqdorida stipendiya ajratiladi, ushbu summa har o‘quv yilining boshida bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Shuningdek, uning qayd etishicha, sarf-xarajatlar yashash hududi va iste’mol darajasiga qarab o‘zgarib turadi. Sevara o‘qish bilan bir qatorda tashkiliy va madaniy ishlarda ham faol:

«O‘qishdan tashqari turli madaniy tadbirlar va forumlarda ham faol ishtirok etaman. Bunday ishtiroklar talaba sifatida kelganlar uchun nafaqat muhim tajriba manbai, balki turli madaniyatlar o‘rtasida yaqinlikni mustahkamlash, o‘z millatini ommaga tanitish hamda yangi xorijlik yoki millatdosh do‘stlar orttirish uchun ham katta imkoniyat yaratadi, deb hisoblayman».

2. Qozog‘iston

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Qozog‘istonda oliy ta’lim tizimi so‘nggi yillarda xalqaro talabalar uchun yanada ochiq va qulay bo‘lib bormoqda. Mamlakatdagi ko‘plab universitetlarga kirish milliy test natijalari, ichki imtihonlar yoki xalqaro grant dasturlari orqali amalga oshiriladi. Ayrim OTMlar IELTS yoki boshqa til sertifikatlarini ham qabul qiladi. Ta’lim qozoq, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Ayniqsa, Nazarbayev University, Al-Farabi Kazakh National University va Satbayev University kabi universitetlar xalqaro reytinglarda faol ko‘tarilib bormoqda.

Shartnoma to‘lovi narxlari ta’lim yo‘nalishi va universitetga qarab farq qiladi. Odatda gumanitar va pedagogik yo‘nalishlarda yillik to‘lov $1-2 ming atrofida bo‘lsa, tibbiyot, IT va muhandislik yo‘nalishlarida bu ko‘rsatkich $3 – 5 minggacha yetishi mumkin. Davlat grantlari va turli stipendiya dasturlari xorijiy talabalar uchun ham mavjud. Yotoqxona narxlari nisbatan arzon bo‘lib, ko‘plab shaharlarda oyiga $30 – $100 oralig‘ida turadi. Oziq-ovqat va transport xarajatlari bilan birga talabalar o‘rtacha oyiga $300 – $600 hisobida yashashi mumkin.

Foto: Freepik

2025-yil dekabr holatiga mamlakatda 35 mingdan ziyod xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Qozog‘istonning o‘zbekistonlik talabalar uchun eng katta afzalliklaridan biri — geografik yaqinlik va vizasiz rejim hisoblanadi. O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga vizasiz kirishi mumkin, bu esa hujjat jarayonlarini ancha yengillashtiradi. Toshkentdan Olmaota, Chimkent yoki Ostonaga aviaqatnov va temiryo‘l aloqalari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababli talabalar ta’til paytida uyiga tez-tez qatnab turish imkoniga ega.

O‘zbekistonliklarga munosabat odatda ijobiy baholanadi, chunki ikki xalq o‘rtasida tarixiy, til va madaniy yaqinlik mavjud. Ayniqsa, janubiy hududlarda o‘zbek tilini tushunadigan aholi ko‘p uchraydi. Talabalar o‘qish bilan birga yarim stavkada ishlash imkoniyatiga ham ega. So‘nggi yillarda IT, logistika, neft-gaz va servis sohalarida talab yuqori bo‘lgani sababli bitiruvchilar uchun ish topish imkoniyatlari keng. O‘qishni tamomlagan talabalar ish topgan taqdirda yashash muddatini uzaytirish yoki mehnat faoliyatini davom ettirish uchun ruxsatnoma olish imkoniyatiga ega.

3. Germaniya

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Germaniya xalqaro talabalar uchun eng jozibador ta’lim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatdagi ko‘plab davlat universitetlari yuqori sifatli ta’lim, kuchli ilmiy baza va amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlari bilan tanilgan. 2025-yilning dekabr oyi holatiga olmon o‘lkasida 420 ming atrofida xorij talabasi ta’lim olmoqda. O‘qishga kirish uchun odatda nemis tilini kamida «B1» – «C1» darajada bilish talab etiladi, ayrim ingliz tilidagi dasturlar uchun esa IELTS yoki TOEFL sertifikati kerak bo‘ladi. Xorijiy talabalar orasida DAAD grantlari, ayniqsa, mashhur bo‘lib, ular shartnoma to‘lovi, yashash va sug‘urta xarajatlarining bir qismini qoplash imkonini beradi.

Germaniyadagi davlat universitetlarining asosiy afzalligi – ta’limning deyarli bepul ekanidir. Talabalar odatda faqat semestr badalini to‘laydi, u ko‘pchilik universitetlarda 100 – 350 yevro atrofida bo‘ladi. Bu badal tarkibiga ko‘pincha jamoat transporti kartasi ham kiradi. Technical University of Munich, Humboldt University of Berlin va RWTH Aachen University kabi universitetlar muhandislik, IT va ilmiy yo‘nalishlarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan.

Foto: Studygram

Yashash xarajatlari Germaniyaning qaysi shahrida o‘qishga qarab farqlanadi. Berlin, Myunxen va Gamburg kabi yirik shaharlarda ijara narxlari yuqoriroq bo‘lsa, kichik shaharlarda xarajatlar nisbatan arzon. O‘rtacha hisobda talabaga oyiga 900 – 1,2 ming yevro yetarli bo‘ladi. Bu mablag‘ga yotoqxona yoki ijara, oziq-ovqat, sug‘urta va transport xarajatlari kiradi. Talabalar haftasiga 20 soatgacha ishlash huquqiga ega bo‘lib, ko‘pchilik talabalar xizmat ko‘rsatish, logistika yoki IT sohalarida qo‘shimcha daromad topadi.

Germaniyada o‘qishni tamomlagan xorijiy talabalarga 18 oygacha ish qidirish vizasi beriladi. Agar bitiruvchi mutaxassisligi bo‘yicha ish topsa, keyinchalik uzoq muddatli yashash huquqi yoki doimiy rezidentlikka o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi. Germaniya diplomlari dunyo bo‘ylab yuqori qadrlanadi, ayniqsa, muhandislik, avtomobilsozlik, IT, tibbiyot va ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida. Shu sababli Germaniya nafaqat sifatli ta’lim, balki xalqaro karyera uchun ham muhim imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Foto: Instagram

Germaniyada til kursini muvaffaqiyatli tamomlab, «B2» darajaga ega bo‘lgan, magistraturaga tayyorgarlik jarayonida Kinderhortga ishga kirishga ham ulgurgan qahramonimiz Ma’mura Turatova ushbu mamlakatdagi oliy ta’lim tizimiga tayyorgarlik jarayoni hamda Germaniyadagi hayot haqida so‘zlab beradi:

«Germaniya ta’lim tizimining asosiy negizida mustaqil fikrlash va tahliliy yondashuv yotadi. Bu yerda har bir talabaning fikri qadrlanadi va dars jarayonida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Talabalar o‘z qiziqishlari va maqsadlariga mos fanlarni tanlab o‘qish imkoniga ega. Kurs bosqichi yuqorilagan sari o‘qitiladigan fanlar ham kopayib boradi».

Foto: Instagram

Ma’muraning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim jarayonida yozma ishlar muhim o‘rin tutadi. Insho, hisobot (report) va turli akademik yozma topshiriqlar orqali talabalar fikrini mantiqan ifodalash hamda ilmiy yondashuvni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, xorijda o‘tkaziladigan forum va seminarlar uchun tanlangan talabalarning safar xarajatlari oliygoh tomonidan to‘liq qoplanishi qayd etildi.

Uning yana aytishicha, bir yillik til kursi uchun bank hisobiga 11 904 yevro mablag‘ qo‘yilgan bo‘lib, ushbu summa til o‘rganuvchining kundalik ehtiyojlari uchun har oy bosqichma-bosqich qaytarib beriladi. Shuningdek, Ma’mura nemis tilini «A1» darajadan «B2» darajagacha tanaffuslar bilan 8 oy davomida o‘rganganini, hozirda esa C1 darajasi ustida ishlayotganini ma’lum qildi.

Foto: Instagram

«Men tilni aynan o‘sha davlat muhitida, real hayot ichida o‘rganish samaraliroq deb hisoblayman. Chunki nemis tili oson emas — Germaniyada magistratura bosqichida tahsil olish uchun tilni deyarli mahalliy aholi darajasida bilish talab etiladi. O‘ylashimcha, O‘zbekistonda bu natijaga qisqa muddatda erishish ancha qiyin bo‘lardi. Shu sabab Germaniyadagi til kursini tanladim», – deydi vatandoshimiz.

Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada abituriyent va talabalar uchun o‘rtacha yashash xarajatlari bir oyda 800 – 900 yevro atrofida bo‘ladi. Yotoqxona ijara haqi odatda 250 – 300 yevro bo‘lib, ovqatlanish va kundalik xarajatlar 400 – 450 yevro atrofida shakllanadi. Jamoat transporti esa talabalar uchun nisbatan arzon bo‘lib, oylik chipta narxi 63 yevro atrofida belgilangani, bu odatdagidan deyarli ikki baravar arzon ekani qayd etildi. Shuningdek, boshqa yo‘nalishlarda ham talabalarga turli yengillik va chegirmalar mavjudligi ta’kidlandi.

Ma’muraning aytishicha, Germaniyada mahalliy aholi ta’limli va intiluvchan insonlarni yuqori qadrlaydi, xorijlik talabalarga munosabat esa ochiq va samimiydir. Shaxsan u muloqot qilgan germaniyaliklar O‘zbekiston, uning madaniy muhiti va oliy ta’lim tizimiga katta qiziqish bildirganini, shuningdek, Germaniyadagi ta’lim va yashash tizimi haqida foydali tavsiyalar berib, moslashish jarayonida yordam ko‘rsatganini ma’lum qildi. Hatto ayrimlari qaysi universitetlarda o‘qish bo‘yicha ham tavsiyalar bergan.

Umuman olganda, Ma’mura Germaniyadagi muhitni ijobiy baholadi:

«O‘qigan yoki ishlagan joylarimda meni doimo iliq qarshi olishgan, kerak paytda yordamlarini ayashmagan. Shu sababli Germaniyadagi muhit xorijlik talabalar uchun nafaqat sifatli ta’lim, balki qulay ijtimoiy moslashuv imkoniyatini ham yaratadi».

4. Janubiy Koreya

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Janubiy Koreyada o‘qishga kirish uchun Global Korea Scholarship eng mashhur dastur hisoblanadi. Bu dastur o‘qish, yotoqxona, aviachipta va stipendiyani qoplaydi. To‘lov-shartnoma asosida o‘qish yiliga $3 ming – $9 ming atrofida. Yashash xarajatlari oyiga $700 – $1 mingni tashkil qiladi. Koreys tili bilish grant yutib olishda katta ustunlik hisoblanadi.

2025-yil oktabr holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada 300 mingdan ortiq xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Mamlakatda migrantlarga munosabat intizomli va qoidalarga asoslangan. Ular orasida 5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar bor. Talabalar haftasiga 20 soat ishlashi mumkin. Bitirgach, IT, elektronika va avtomobil sanoatida katta imkoniyatlar mavjud. Migratsiya jihatidan ish topilsa, vizani uzaytirish imkoniyati ham taqdim etiladi.

Foto: Instagram

Janubiy Koreyada magistraturada tahsil olayotgan yurtdoshimiz Sevinch Azimova bu davlatdagi ta’lim tizimi, talabalar hayoti va madaniy farqlar haqida o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi. U hozirda Daegu University’da Tourism Management yo‘nalishida tahsil olmoqda.

«Janubiy Koreyadagi ta’lim tizimining eng yoqqan jihatlaridan biri — erkinlik va tanlov imkoniyatining kengligi. Talabalar o‘zlari qiziqqan fanlarni mustaqil tanlab, o‘qishlari mumkin. Bu esa har bir talabaga o‘z yo‘nalishiga mos rivojlanish imkonini beradi», – deydi talaba qizimiz.

Vatandoshimizning aytishicha, dars jarayonlari odatiy ma’ruzalardan farq qiladi. Ko‘proq talabalar gapiradi, taqdimotlar qiladi, professor esa yo‘l-yo‘riqlar beradi. Darslar interaktiv o‘tiladi. Professorlarning aksariyati AQSh universitetlarida tahsil olgan. Ayniqsa, magistratura bosqichi talabalari bilan juda talabchan va professional ishlanadi.

Foto: Instagram

Sevinchning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar juda yuqori darajada. Universitet hududida ko‘plab kafe va restoranlar mavjud bo‘lib, talabalar darsdan so‘ng shu yerning o‘zida o‘tirib ishlashi, dars tayyorlashi yoki dam olishi mumkin. Shuningdek, talabalar juda faol bo‘lib, turli klublar, media tadbirlar va muloqot imkoniyatlari keng yo‘lga qo‘yilgan. U Janubiy Koreya oliy ta’lim tizimining yana bir qiziq tomonini eslatib o‘tdi:

«Professor va talabalar orasidagi munosabat juda yaxshi. Darsga biroz kech qolgan talabaga hech kim qo‘pollik qilmaydi, minus qo‘ymaydi yoki «kirma» demaydi. har bir talaba shaxs sifatida alohida hurmat qilinadi».

U yana qo‘shimcha qiladiki, Janubiy Koreyada o‘qishning qiyin tomonlari ham yo‘q emas. Eng asosiy qiyinchiliklardan biri — vazifalarning ko‘pligi. Semestr davomida bir nechta yirik taqdimotlar tayyorlash, ayrim fanlar bo‘yicha esa deyarli butun kitobni o‘qib chiqish talab etiladi. Til masalasi ham ba’zan murakkablik tug‘diradi. Koreys tilini bilmasdan ham yashash mumkin, biroq kundalik hayotda til bilish juda zarur. Ko‘p koreyslar ingliz tilini tushunsa-da, gapirishda qiynaladi.

Foto: Instagram

«Madaniy jihatdan esa Koreyada yosh va tabaqa masalasi muhim o‘rin tutadi. Hatto sizdan bir-ikki yosh katta kursdosh bilan ham alohida hurmat bilan gaplashish lozim. Shu sabab ba’zan koreys kursdoshlar bilan yaqin munosabatda bo‘lib oson kechmasligi mumkin», – deya shaxsiy tajribasi bilan bo‘lishadi Sevinch.

Uning ma’lum qilishicha, Janubiy Koreyada yashash xarajatlari talabaning turmush tarziga qarab farq qiladi. Qahramonimizning o‘zi esa oyiga taxminan $700 – $800 atrofida sarflashini, bu summa yeb-ichish, ijara va kiyim-kechak kabi kundalik ehtiyojlarning barchasini qoplashini aytdi. GKS granti asosida tahsil olayotgan Sevinch har oy 1,4 mln von (taxminan $933) stipendiya oladi. Uning shartnoma to‘lovi esa Janubiy Koreya davlati tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

5. Malayziya

Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Malayziyada oliy ta’lim tizimi xalqaro standartlarga mosligi bilan ajralib turadi. Mamlakatda davlat va xususiy universitetlar faoliyat yuritadi. Ta’lim jarayoni ko‘pincha ingliz tilida olib borilishi xorijiy talabalar uchun katta qulaylik yaratadi. Universitetlarda o‘quv jarayoni amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalar nafaqat nazariy bilim oladi, balki real loyihalar, guruh ishlari va tadqiqotlar orqali o‘z ko‘nikmalarini mustahkamlab boradi. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishiga yordam beradi.

Malayziyada o‘qishga kirish ingliz tili sertifikatlari (IELTS/TOEFL) va universitet arizasi orqali amalga oshiriladi. Shartnoma to‘lovi narxlari $3 ming – $7 ming atrofida. Malaysia International Scholarship dasturi ham mavjud. Yashash xarajatlari oyiga $300 – $600 atrofida bo‘lib, Osiyodagi rivojlangan davlatlar orasidagi eng arzonlaridan biri hisoblanadi.

Foto: AEO Pakistan

Malayziyada oliy ta’lim olish nafaqat akademik jihatdan, balki madaniy va diniy e’tiqod nuqtayi nazaridan ham ko‘plab qulayliklarga ega. Bu mamlakat ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli jamiyat bo‘lib, unda turli etnik guruhlar tinch-totuvlikda yashaydi. Shuning uchun xorijiy talabalar o‘zlarini begona his qilmaydi, aksincha, turli madaniyatlar bilan erkin muloqot qilish va yangi tajriba orttirish imkoniga ega bo‘ladi.

Diniy jihatdan esa Malayziya musulmonlar uchun ancha qulay davlat hisoblanadi. Islom rasmiy din sifatida tan olingan. Halol ovqatlanish masalasi ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan – deyarli barcha oshxona va restoranlarda halol taom topish mumkin. Bu esa musulmon talabalar uchun katta qulaylik yaratadi.

Foto: Blogs

Ma’lumot uchun, agar davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasining magistratura yoki doktorantura bosqichiga grant asosida qabul qilinsa, ish beruvchining yozma roziligi bilan uning ish o‘rni va lavozimi saqlab qolinadi. Bunda ta’lim yo‘nalishi davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi inobatga olinadi.

«El-yurt umidi» jamg‘armasi

Shu bilan birga, O‘zbekistonda iqtidorli yoshlarning xorijiy oliygohlarda o‘qishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili «El-yurt umidi» jamg‘armasi tanlov asosida stipendiya dasturlarini e’lon qiladi. Odatda hujjatlar qabuli yil davomida bir necha bosqichda ochiladi. Jamg‘arma xorijning nufuzli universitetlarida bepul o‘qish, ilmiy tadqiqot olib borish hamda malaka oshirish imkoniyatini yaratib, to‘lov-shartnoma, stipendiya, aviabilet va yashash xarajatlarini qoplab beradi.

2026/2027-o‘quv yili uchun jami 500 ta kvota ajratilgan. Shundan 167 tasi bakalavriat, 232 tasi magistratura, 38 tasi doktorantura dasturlari uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, Prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 63 ta kvota ajratilgan. 2026-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi uchun hujjatlar 2026-yil 3-apreldan 24-aprelga qadar (shu kuni soat 23:59 gacha) maxsus onlayn platforma orqali qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijning nufuzli OTMlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy xarid qilish uchun imtiyozli ipoteka krediti ajratish tartibi belgilangan edi.