
Kongoda Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashmoqda. Mamlakatda 900 dan ortiq gumonli holat va 101 ta tasdiqlangan kasallanish qayd etilgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qildi.
BILD xabariga ko‘ra, mahalliy hukumat ma’lumotlarida epidemiya boshlanganidan beri 204 kishi vafot etgani aytilgan. JSST esa kasallik aniqlanishi ko‘payganini epidemiologik nazorat kuchaytirilgani bilan izohladi.
Kasallik o‘chog‘i mamlakat shimoli-sharqidagi Ituri provinsiyasi hisoblanadi. Bu hududda qariyb 5 mln kishi yashaydi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, provinsiyadagi har to‘rt kishidan biri gumanitar yordamga muhtoj. Har beshinchi fuqaro esa mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Afrika ittifoqi sog‘liqni saqlash idoralari virus boshqa davlatlarga ham tarqalishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Xavf ostidagi mamlakatlar qatorida Janubiy Sudan, Ruanda, Keniya, Tanzaniya, Efiopiya, Burundi, Angola, Markaziy Afrika Respublikasi va Zambiya tilga olingan.
Hozirgi epidemiya Ebola virusining kam uchraydigan Bundibugyo varianti bilan bog‘lanmoqda. Bu tur ilk bor 2007-yilda aniqlangan. Unga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Kongoda Ebola virusining 101 ta tasdiqlangan holati aniqlangani haqida yozgan edi.