Yangiliklar

1-iyundan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Kursiv Uzbekistan 1-iyundan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 1-iyundan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Ushbu maqolada siz quyidagilar bilan tanishishingiz mumkin:

Nasldor qoramol, qo‘y va echkilar importi QQSdan ozod etiladi

Xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kirish QQSdan ozod etiladi
Xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kirish QQSdan ozod etiladi / Foto: Pexels.com

Chorva naslini yaxshilash va importni rag‘batlantirish maqsadida nasldor qoramol, qo‘y va echkilar importi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

«Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, 2026 – 2028-yillarda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilandi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyundan 2029-yil 1-yanvariga qadar xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etiladi. Bu chorva naslini yaxshilash va importni rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr kompensatsiyasi oshiriladi

So‘m
Foto: Facebook/Sun’iy intellekt

2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi sababli ehtiyojmand oilalarga beriladigan kompensatsiya miqdori ham oshiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, davlat tomonidan elektr va gaz uchun kompensatsiya to‘lovlari davom ettiriladi. Yangi tartibga muvofiq:

Xizmat turiHozirgi miqdorYangi miqdor
Elektr energiyasi uchun kompensatsiya30 ming so‘m37,5 ming so‘m
Qish mavsumida gaz uchun kompensatsiya200 ming so‘m225 ming so‘m
Boshqa mavsumlarda gaz uchun kompensatsiya120 ming so‘m135 ming so‘m

Kompensatsiya elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt/soatgacha bo‘lgan qism uchun beriladi.

1-iyundan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlar oshiriladi

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Foto: Mielenkaari

2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amaliyotga kiritiladi. Bu haqda O‘zA hukumat qaroriga tayanib xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, yirik iste’molchilar va ayrim guruhlar uchun elektr energiyasi 1 kVt/soat uchun 1100 so‘m etib belgilangan. Aholi uchun esa iste’mol hajmiga qarab bosqichma-bosqich (tabaqalashtirilgan) narxlar saqlab qolinadi.

Xususan, maishiy iste’molchilar uchun eng past tarif 200 kVt/soatgacha bo‘lgan iste’molga 650 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, iste’mol oshgani sayin narx ham 900 so‘m va 1100 so‘mgacha ko‘tariladi. Elektr plitalar bilan jihozlangan ayrim ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda esa imtiyozli tariflar amal qiladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha ham yangi narxlar joriy etilib, umumiy iste’molchilar uchun 1 kub metr gaz 2000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari uchun esa tarif yuqoriroq – 2750 so‘m bo‘ladi.

1-iyundan Toshkent atrofida zararli yonilg‘ili issiqxonalar taqiqlanadi

Buxoro viloyatidagi besh ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi
Foto: Smartm

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalar uchun 1-avgustdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.

Shu bilan birga, 1-iyundan boshlab poytaxt va uning atrofidagi ayrim tumanlarda zararli yoqilg‘ilar bilan ishlaydigan yangi issiqxonalar tashkil etish ham taqiqlanadi.

Amaldagi issiqxonalarga nisbatan ham talablar keskin kuchaytiriladi. Xususan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari sezilarli oshiriladi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi yoqilg‘ilarni qo‘llagan xo‘jaliklar uchun esa kompensatsiya to‘lovlari bir necha barobar ko‘paytiriladi. Bundan tashqari, ularga ajratiladigan subsidiyalar va yangi kreditlar hajmi qisqartiriladi.

Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlar zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitiladi

2025-yilda Oʻzbekistonda 19 ming nafarga yaqin shaxs ozodlikdan mahrum qilindi
Foto: Komsomolskaya Pravda

O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 27-martdagi qaroriga asosan, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan «Ikkinchi imkon» ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

2026-yil 1-iyundan boshlab Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027-yil 1-martdan esa respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv jarayonlari 8 – 12 oylik intensiv dasturlar asosida bevosita muassasalarning o‘zida tashkil etilishi belgilangan.

Mazkur o‘quv kurslariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan, ayni paytda jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi. Kasbiy ta’limdan tashqari, ishtirokchilar ingliz, rus, xitoy kabi xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha yagona intensiv dasturlar asosida ham o‘qitiladi.

1-iyundan bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi

Bojxona nazorati xavf darajalariga ko‘ra yo‘nalitiladi / Foto: fer737ng / www.depositphotos.com

O‘zbekistonda bojxona tizimida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, bojxona to‘lovlarini undirish va nazorat qilish tartiblari bosqichma-bosqich soddalashtiriladi.

Yangi tartibga asosan, Chegara qo‘shinlari fuqarolarni pasport nazoratidan o‘tkazishda ayrim holatlarda bojxona organlarini xabardor qiladi. Xususan, bojxona axborot tizimida fuqaroning bojxona nazoratidagi avtomobili mavjud bo‘lsa yoki bojxona qonunchiligini buzish xavfi aniqlansa, bu haqda ma’lumot yuboriladi.

2026-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlarga bojxona bojlarini 120 kungacha muddatda kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, xavflarni boshqarish tizimi natijalariga qarab ayrim tadbirkorlar uchun bojxona to‘lovlari ta’minoti miqdori kamaytiriladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri 1-maydan O‘zbekistonda nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.