Yangiliklar

AQSh Erondagi harbiy obyektga yangi zarbalar berdi

Zarba Bandar-Abbos yaqinidagi obyektga qaratilgan
Foto: Getty Images

AQSh harbiylari Erondagi harbiy obyektga yangi zarbalar berdi. Bu haqda Reuters va CNN AQSh rasmiysiga tayanib xabar bermoqda.

Zarba Bandar-Abbos yaqinidagi obyektga qaratilgan. AQSh rasmiylariga koʻra, u Amerika harbiylari va Hormuz boʻgʻozidagi tijoriy kemalar uchun xavf tugʻdirgan.

Reuters ma’lumotiga koʻra, AQSh harbiylari bir nechta Eron dronlarini ham urib tushirgan. Nishonga olingan obyekt dronlarni boshqarish stansiyasi boʻlgan.

Zarbalar Eron va AQSh oʻrtasidagi urushni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar fonida amalga oshirilgan. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron OAVida tarqalgan xabarlarni rad etdi. U Eron va Ummon Hormuz boʻgʻozidagi kemalar harakatini birgalikda nazorat qilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi.

Trampning aytishicha, Hormuz boʻgʻozi ochiq qoladi. U AQSh bu yoʻnalishni kuzatib borishini ham ta’kidladi.

Dushanba kuni ham AQSh Eronga nisbatan «mudofaa zarbalari» bergan edi. Oʻsha vaqtda nishonlar orasida mina oʻrnatishga uringan kemalar va raketa uchirish qurilmalari boʻlgani aytilgan. Eron esa bu zarbalarni mamlakatlar oʻrtasidagi moʻrt sulh buzilishi deb baholagan. Reutersʼga koʻra, 28-may kuni Eron ham AQSh aviabazasiga javob zarbasi berganini ma’lum qilgan.

Tasnim agentligi xabariga koʻra, Eron bunga javoban AQSh aviabazasiga zarba bergan. Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi ushbu baza avvalroq Erondagi harbiy obyektlarga zarba berganini bildirgan.

«Bu dushman tajovuz javobsiz qolmasligini tushunishi uchun jiddiy ogohlantirishdir. Agar bunday holat takrorlansa, javobimiz yanada qat’iy boʻladi», – dedi Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eronda qariyb 90 kunlik cheklovdan soʻng internet qayta tiklanishi haqida xabar bergan edi.