Yangiliklar

BMT 2030-yilgacha anomal issiq davrdan ogohlantirdi

Unda 2026–2030-yillar oraligʻida kamida bir yil 2024-yildagi rekordni yangilashi ehtimoli 86 foiz ekani qayd etilgan
Foto: Al-arabiya

2030-yilgacha dunyoda rekord darajada issiq kuzatilishi ehtimoli yuqori. Bu haqda BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotida aytiladi.

Hisobot Buyuk Britaniyaning Met Office markazi tomonidan tayyorlangan. Unda 2026–2030-yillar oraligʻida kamida bir yil 2024-yildagi rekordni yangilashi ehtimoli 86 foiz ekani qayd etilgan.

Mutaxassislar global harorat 2027-yildayoq yangi rekord darajaga chiqishi mumkinligini aytmoqda. Bunga yil oxirida El-Nino iqlim hodisasi boshlanishi ehtimoli sabab boʻlishi mumkin.

WMO prognoziga koʻra, 2026–2030-yillarda Yer yuzasiga yaqin oʻrtacha harorat sanoatgacha boʻlgan davrga nisbatan 1,3–1,9 daraja yuqori boʻladi. Keyingi besh yillik oʻrtacha harorat 1,5 darajalik chegaradan yuqori boʻlishi ehtimoli 75 foiz deb baholangan.

BMTning iqlim boʻyicha rahbari Saymon Still Yevropadagi soʻnggi jazirama iqlim inqirozining insonlar va iqtisodiyotga taʼsirini yana bir bor koʻrsatganini taʼkidladi. Isishga asosan neft, gaz va koʻmir yoqilishi natijasida atmosferada issiqxona gazlari koʻpayayotgani sabab boʻlmoqda.

Bu jarayon kuchli issiq toʻlqinlari, qurgʻoqchilik, boʻron va suv toshqinlari kabi ekstremal ob-havo hodisalarini koʻpaytiradi.

Hisobotda Arktika hududi alohida qayd etilgan. Kelgusi besh qish mavsumida bu mintaqada harorat odatdagidan 2,8 daraja yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Yogʻingarchilik boʻyicha prognozlarda Shimoliy Yevropa, Sahel, Alyaska va Sibirda namgarchilik koʻpayishi mumkinligi aytiladi. Amazonka hududida esa quruq ob-havo kuchayishi ehtimoli bor.

Avvalroq Kuriv Uzbekistan issiqlikdan vafot etayotgan keksalar soni 85 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.