
Qirgʻizistonning Botken viloyatida Oʻzbekiston bilan chegarada yangi chegara posti ochildi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili xabar berdi.
Ochilish marosimida Qirgʻiziston Davlat chegara xizmati raisi Abdikarim Alimbayev onlayn ishtirok etdi. Tadbirda prezidentning Botken viloyatidagi vakolatli vakili Mamirjan Rahimov, mahalliy rahbarlar va chegarachilar qatnashdi.
Rasmiylar avval chegarachilarni kasb bayrami bilan tabrikladi. Ular «Soʻgment» postining ochilishini davlat xavfsizligini mustahkamlash va chegaraoldi hududlarda barqarorlikni taʼminlashdagi muhim voqea deb atadi.
Ushbu hududda chegarachilar qirgʻiz-oʻzbek davlat chegarasining 12 kilometrdan ortiq qismini qoʻriqlaydi. Shu kuni Qirgʻiziston hududida yana bir nechta chegara obyektlari ham ochildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻiston–Oʻzbekiston chegarasida tirbandlik yuzaga kelgani haqida xabar bergan edi.