
Meta kompaniyasi Instagram, Facebook va WhatsApp uchun yangi pulli obunalarni xalqaro miqyosda ishga tushirishini eʼlon qildi. Foydalanuvchilarga kengaytirilgan vositalar, qoʻshimcha sozlamalar va batafsil tahliliy maʼlumotlar taklif etiladi. Bu haqda TechCrunch xabar berdi.
Kompaniya yangi xizmatlar amaldagi Meta Verified obunasining oʻrnini bosmasligini taʼkidladi. Instagram Plus va Facebook Plus obunalari har biri oyiga $4 turadi. WhatsApp Plus narxi esa oyiga $3 etib belgilangan.
Instagram Plus obunachilari Stories boʻyicha kengaytirilgan statistikadan foydalanishi mumkin boʻladi. Ular hikoyalarni standart 24 soatdan koʻproq vaqt davomida koʻrsatish imkoniga ega boʻladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar «Yaqin doʻstlar» funksiyasidan tashqari cheksiz miqdorda maxsus roʻyxatlar tuza oladi. Boshqalarning Stories postlarini anonim koʻrish va oʻz postlarini obunachilar lentasidan yashirish imkoniyati ham paydo boʻladi.
Facebook Plusʼda ham shunga oʻxshash funksiyalar va shaxsiylashtirish vositalari taqdim etiladi. WhatsApp Plus foydalanuvchilari koʻproq chatlarni yuqoriga mahkamlashi mumkin boʻladi. Shuningdek, chat roʻyxatlarini moslash, ilova dizayni va bildirishnoma tovushlarini oʻzgartirish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, WhatsApp Plus obunachilariga eksklyuziv stikerlar toʻplami ham taqdim etiladi. Meta yangi obunalar Meta Verified xizmatini bekor qilmasligini alohida qayd etdi. Oyiga $15 turadigan ushbu obuna shaxsni tasdiqlash va akkauntda koʻk belgi olish uchun moʻljallangan.
Kompaniya Meta One va Meta One Premium nomli ikki yangi sunʼiy intellekt tarifini ham sinovdan oʻtkazmoqda. Meta One oyiga $8, Meta One Premium esa oyiga $20 turadi. Har ikki tarifda imkoniyatlar bir xil boʻladi.
Biroq Premium obuna murakkab soʻrovlarni qayta ishlash uchun kuchliroq hisoblash resurslariga kirish imkonini beradi. Meta AIʼning standart versiyasi esa bepul qoladi.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada kompaniya Instagram va Facebook uchun reklamani butunlay oʻchirib qoʻyadigan alohida obunalarni ham taklif qilmoqda. Bu qaror Yevropa regulyatorlari talablari bilan bogʻliq. Ular platformadan foydalanuvchilarga tanlov berishni talab qilgan: servisdan shaxsiylashtirilgan reklama bilan foydalanish yoki undan voz kechish.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan jahonning yirik texnologik kompaniyalari yil boshidan beri Oʻzbekistonda 65,7 mlrd soʻm soliq toʻlagani haqida yozgan edi.