
Xitoyning Sian shahrida oʻtgan III Oʻzbekiston–Xitoy hududlararo forumi doirasida Toshkent shahri uchun $3,5 mlrdlikdan ortiq kelishuvlarga erishildi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, kelishuvlarning $3,35 mlrd qismi investitsiyaviy loyihalarga toʻgʻri keladi. Eksport shartnomalari qiymati esa $156 mlnni tashkil etdi.
Forum yakunida infratuzilma, transport, qurilish, ekologiya va sanoat sohalarida qator bitimlar imzolandi. Loyihalarni davlat budjeti va davlat kafolatlarisiz amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Moliyalashtirish EPC+F modeli asosida xitoylik hamkorlar tomonidan jalb qilinadi. Toʻlovlar uzoq muddatda shahar budjetining yangi daromad manbalari hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kelishuvlar doirasida «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasini rivojlantirish ham koʻzda tutilgan. Xitoyning Jwise, Zhongke Honghu, CAS Cloud va UMGG kompaniyalari bilan $130 mlnlik investitsiyaviy hamkorlik bitimlari imzolandi.
Asosiy loyihalar orasida drenaj va yomgʻir suvlarini chetlashtirish tizimini rivojlantirish bor. Ushbu yoʻnalishga $400 mln yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 24/7 formatidagi zamonaviy brendli koʻchalar yaratish uchun $100 mlnlik kelishuvga erishilgan. Renovatsiya hududlarida koʻp qavatli uylar qurish loyihalari esa $500 mlnni tashkil etadi.
BRT, yoʻl oʻtkazgichlar va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish uchun $1 mlrd ajratilishi rejalashtirilgan. Transport va ijtimoiy infratuzilma boʻyicha qoʻshma loyihalar qiymati ham $1 mlrdni tashkil etadi.
Sanoat yoʻnalishida bezak toshlari ishlab chiqarish uchun $150 mlnlik loyiha koʻzda tutilgan. Chiqindilarni saralash uchun «aqlli» uskunalar ishlab chiqarishga $50 mln, keramika mahsulotlari ishlab chiqarishga esa $150 mln yoʻnaltiriladi.
Forum doirasida eksport boʻyicha ham shartnomalar imzolandi. Zargarlik buyumlarini yetkazib berish boʻyicha $150 mlnlik uchta shartnoma tuzildi. Paxta ip-kalavasi eksporti $5 mln, kumush konsentrati yetkazib berish esa $1 mlnni tashkil etdi.Poytaxtda yomgʻir vaqtida koʻchalarni suv bosishi tez-tez kuzatiladi. Amaldagi tizim bir sutkada 20 mmgacha yogʻinni qabul qilishga moʻljallangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 100 kmga yaqin yangi pulli avtomobil yo‘llari qurilishi mumkinlig haqida xabar bergan edi.