Gadjetlar

10 ming mA·soat batareyali Honor Win Turbo taqdimot oldidan namoyish qilindi

Hozircha smartfonning rasmiy narxi e’lon qilinmagan
Foto: Grok

Honor kompaniyasining yangi Honor Win Turbo smartfoni rasmiy taqdimotidan bir kun oldin internetda deyarli barcha texnik xususiyatlari oshkor bo‘ldi. Bu haqda Huawei Central nashri xabar berdi.

Qurilma kuchli batareya, yorqin ekran va yuqori darajadagi himoya bilan jihozlanadi.

Smartfon 6,79 dyuymli OLED displeyga ega bo‘lib, 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranning maksimal yorqinligi 8 ming nitgacha yetadi.

Qurilma 4 nanometrli Dimensity 8500 Elite protsessorida ishlaydi. Unga LPDDR5X tezkor xotira va UFS 4.1 standartidagi doimiy xotira hamroh bo‘ladi.

Honor Win Turbo’ning eng katta jihatlaridan biri – 10 ming mA·soat sig‘imli batareyasi bo‘ldi. Smartfon 80 vattli tezkor quvvatlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Asosiy kamera ikkita 50 megapikselli sensor bilan jihozlangan, old kamera esa 16 megapikselni tashkil qiladi. Bundan tashqari, model IP68/IP69 himoya darajasi, stereo dinamiklar, ikki diapazonli GPS va signalni kuchaytiruvchi C1+ chipiga ega bo‘ladi.

Hozircha smartfonning rasmiy narxi e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor 600e kuchli texnik imkoniyatlar bilan taqdim etilgani haqida yozgandi.