
1-iyuldan boshlab ayrim kompaniyalar budjetga qancha soliq to‘laganidan qat’iy nazar, avtomatik tarzda yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Yangi tartib banklar, sug‘urta kompaniyalari, fond va valyuta birjalari, mobil aloqa operatorlari, tamaki ishlab chiqaruvchilari, yirik sanoat korxonalari, xalqaro aviatsiya kompaniyalari hamda energetika va mineral resurslar sohasidagi korxonalarga tatbiq etiladi.
Shuningdek, oxirgi 12 oyda Davlat budjetiga BHMning 240 ming baravaridan ortiq to‘lov qilgan va kamida 100 nafar xodimga ega yuridik shaxslar ham yirik soliq to‘lovchi maqomini oladi.
Farmonga ko‘ra, 2027-yildan o‘ta yirik soliq to‘lovchi tushunchasi ham joriy qilinadi. Budjetga 12 oy davomida BHMning 500 ming baravaridan ortiq to‘lov qilgan korxonalar ushbu toifaga kiritiladi.
Soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-iyulgacha yangi ro‘yxatni shakllantirib, rasmiy saytida e’lon qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik biznes uchun yangi qoidalar haqida yozgandi.