
AQSh prezidenti Donald Trampning sog‘lig‘i yaxshi holatda. Bu haqda Oq uy e’lon qilgan tibbiy xulosada ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, prezident shifokori Shon Barabella Trampning sog‘lig‘ini «a’lo» deb baholagan. U AQSh prezidenti davlat rahbari va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni vazifalarini to‘liq bajarishga qodir ekanini bildirgan. Shifokor xulosasida Trampning yurak, o‘pka va asab tizimi yaxshi ishlayotgani qayd etilgan. Shuningdek, uning umumiy jismoniy holati va kognitiv ko‘rsatkichlari ham yuqori darajada ekani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida Trampning vazni 101,6 kgdan 108 kgga yetgan. Uning bo‘yi 191 sm ekani qayd etilgan.
Shifokor AQSh prezidentiga ovqatlanish tartibi bo‘yicha ham tavsiyalar bergan. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari profilaktikasi uchun past dozada aspirin qabul qilishni taklif qilgan.
Avvalroq matbuotda Trampning qo‘lida ko‘ringan ko‘karishlar ham muhokama qilingan edi. Tibbiy xulosada uning qo‘l panjasining orqa qismida ko‘karish va teri ta’sirlanishi aniqlangani aytilgan. Shifokorlarning taxminiga ko‘ra, bunga tez-tez qo‘l berib ko‘rishish va aspirin qabul qilish birga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Aspirin qon ivishiga ta’sir qilgani uchun ko‘karishlar paydo bo‘lish ehtimolini oshiradi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, shifokorlar odatda profilaktika uchun kuniga 81 mg aspirin tavsiya qiladi. Tramp esa yanvar oyida The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida 325 mg aspirin ichishini aytgan.
14-iyun kuni Donald Tramp 80 yoshga to‘ladi. U AQSh tarixida lavozimga kirishgan paytda eng yoshi katta prezident hisoblanadi. Hozircha prezidentlik lavozimini egallagan eng keksa shaxs Jo Bayden bo‘lib qolmoqda. U Oq uyni 82 yoshida tark etgan. Agar Tramp ikkinchi muddatini oxirigacha davom ettirsa, lavozimdan ketish vaqtida Baydendan ham yoshi kattaroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Donald Tramp Eron bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagani haqida yozgan edi.