
O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi saqlash tizimlari hisobidan qoplanmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Bugungi kunda mamlakatda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh elektr stansiyasi ishlamoqda. Shuningdek, umumiy quvvati 1652 MVt bo‘lgan 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Joriy yil boshidan buyon ushbu stansiyalar tomonidan 4 mlrd kVt/soatdan ortiq «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Qayta tiklanuvchi energiya ulushining ortishi energiya saqlash tizimlariga ehtiyojni ham oshirmoqda. Chunki quyosh elektr stansiyalari asosan kunduzgi vaqtda ishlaydi. Shamol elektr stansiyalari esa tabiiy sharoitga bog‘liq holda energiya ishlab chiqaradi.
Energiya saqlash tizimlari ortiqcha elektr energiyasini jamg‘arish imkonini beradi. Keyin bu energiya iste’mol eng yuqori bo‘ladigan soatlarda tarmoqqa uzatiladi. 2024-yilda O‘zbekistonda ilk bor Farg‘ona va Andijon viloyatlarida energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. Har birining quvvati 150 MVtdan bo‘lgan ushbu obyektlarning umumiy quvvati 300 MVtni tashkil etdi. Ularning energiya sig‘imi esa 600 MVt/soatga teng bo‘ldi.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga yetkazish rejalashtirilgan. Energiya sig‘imi esa 3600 MVt·soatga yetkazilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda 680 ming so‘mlik qarzni 34 mln so‘m qilgan elektromontyor ushlangani haqida yozgan edi.