
Lynk & Co brendi Xitoy bozorida yangi Lynk & Co 10 seriyasini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Lynk & Co 10 seriyasi standart «10» modellari va yuqori samaradorlikka ega «10+» versiyalariga bo‘lingan. Modelning boshlang‘ich narxi cheklangan muddatli taklif doirasida $25 mingdan boshlanadi. Yangi sedanlar «The Next Day» oilaviy dizayn uslubida yaratilgan. Old bamper sportcha ko‘rinishga ega bo‘lib, Lynk & Co‘ning TCR poyga avtomobillaridan ilhomlangan. Avtomobilda yashirin faol havo kirish panjarasi ham mavjud.
Texnik imkoniyatlar
Modelning uzunligi 5050 mm, kengligi 1966 mm va balandligi 1468 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3005 mmga teng. 10+ versiyasi esa yanada sportcha ko‘rinish va texnik jihozlar bilan ajralib turadi. Yuqori samaradorlikka ega talqinda Michelin PS EV shinalari, Brembo tormoz disklari, to‘rt porshenli supportlar va 21 dyuymli yengil zarb qilingan disklar o‘rnatilgan. Har ikki model besh xil kuzov rangida taklif etiladi. Ular orasida yangi «Race Blue» rangi ham bor.

Salon «Morning Light Rhythm» konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Ichki makonda 12,7 dyuymli raqamli asboblar paneli, 25,6 dyuymli AR-HUD proyeksion displey va 15,4 dyuymli markaziy ekran mavjud. Multimedia tizimi 8295 chipi asosida ishlaydi va Flyme Auto 2 dasturiy platformasidan foydalanadi. Avtomobilda 23 ta dinamikka ega audio tizim o‘rnatilgan. Uning umumiy quvvati 1600 Wni tashkil qiladi.
Model 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,9 yoki 5,2 soniyada chiqadi. Eng uzoq yuruvchi versiyada CLTC sikli bo‘yicha masofa 816 kmga yetadi.
Lynk & Co 10’ning eng muhim jihatlaridan biri tezkor quvvatlanish imkoniyatidir. Yuqori quvvatli versiya batareyani 10 foizdan 80 foizgacha 5,5 daqiqada quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich BYD’ning Flash Charging texnologiyasidan ham tezroq ekani aytilmoqda.
Kamroq quvvatli versiyada esa 10 foizdan 80 foizgacha quvvatlanish 10,5 daqiqa davom etadi. Lynk & Co 10+ modeli ikki elektromotorli tizim bilan jihozlangan. Uning umumiy quvvati 680 kW yoki 912 hpni tashkil qiladi. Aylanish momenti 913 Nmga teng.

Narxlar
| Model | Rasmiy narxi | Chegirmali narxi |
|---|---|---|
| Lynk & Co 10 701 Long Range Max | $27,1 ming | $25 ming |
| Lynk & Co 10 701 Long Range Ultra | $28 ming | $25,9 ming |
| Lynk & Co 10 816 Ultra Long Range Ultra | $30,3 ming | $28,2 ming |
| Lynk & Co 10+ AWD Sport | $34,4 ming | $32,3 ming |
| Lynk & Co 10+ AWD Racing | $36,8 ming | $34,7 ming |
Kursiv Audi E7X elektromobili 39,8 ming dollardan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.