Yangiliklar

Qozog‘iston Eron uran zaxiralarini qabul qilishi mumkin

Eronning Natanz, Fordo va Isfahon yadroviy obyektlari hududida 60 foizgacha boyitilgan 440 kg uran bo‘lishi mumkin
Foto: Getty Images

Qozog‘iston Eronning boyitilgan uran zaxiralarini qabul qilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi Financial Times gazetasiga bergan intervyusida aytdi.

Grossining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni bu masalaga tayyorligini bildirgan. Bu mavzu uning Qozog‘iston rahbariyati bilan o‘tgan haftadagi uchrashuvida muhokama qilingan.

Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida MAGATE nazoratidagi past boyitilgan uran banki joylashgan. Ushbu zaxira agentlikka a’zo davlatlar uchun favqulodda holatlarda foydalanish maqsadida tashkil etilgan.

Grossining fikricha, aynan shu infratuzilma Eron uranini xavfsiz saqlash uchun mos joy bo‘lishi mumkin. U bunday variant AQSh va Eron uchun ham maqbul bo‘lishi ehtimolini aytdi.

Qozog‘iston prezidenti administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi va Energetika vazirligi FT so‘roviga izoh bermagan. Eron uran zaxiralarining kelgusi taqdiri Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda eng keskin masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Gap Eron yadroviy dasturi bo‘yicha ehtimoliy kelishuv haqida ketmoqda.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Eronning Natanz, Fordo va Isfahon yadroviy obyektlari hududida 60 foizgacha boyitilgan 440 kg uran bo‘lishi mumkin. Ushbu obyektlar 2025-yil iyun oyida AQSh zarbalaridan keyin vayron bo‘lgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp 29-may kuni yuqori darajada boyitilgan uran yer ostidan chiqarib olinishi va yo‘q qilinishi kerakligini aytdi.

Tehron esa avvalroq o‘z uran zaxiralarini xorijga topshirish niyatida emasligini bildirgan. Shunga qaramay, ehtimoliy kelishuv doirasida boyitilgan uranni suyultirish yoki uni boshqa joyga ko‘chirish masalasi muhokama qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Erondagi harbiy obyektga yangi zarbalar bergani haqida yozgan edi.