Yangiliklar

Bolalarni oromgohlarga olib borish uchun mingta avtobus tayyorlandi

692 nafar yo‘l patrul xizmati xodimi jalb etiladi
Navoiy
Foto: Transport vazirligi

O‘zbekistonda bolalarni yozgi oromgohlarga olib borish uchun 1,1 mingta avtobus texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Bu yil respublikada 179 ta statsionar oromgoh va 1,2 mingta maktabdagi sog‘lomlashtirish maskanida 314,2 ming nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/img_6254.mp4

Bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun 692 nafar yo‘l patrul xizmati xodimi jalb etiladi. Oromgohlarga olib boruvchi 3,4 ming km yo‘l ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Shuningdek, 1,3 mingta yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi va yaroqsizlari almashtirildi. Yo‘llarda piyodalar o‘tish joylari chizildi, ayrim qatnov qismlari ta’mirlandi. Amaldagi tartibga ko‘ra, bolalar guruhlari yo‘l patrul xizmati kuzatuvida tashiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurbon hayiti arafasida 10 ming nafar bolada bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi xabar qilingandi. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash rejalashtirilgan.