Sport

«PSJ» «Arsenal»ni penaltilarda yengib, Chempionlar ligasi titulini himoya qildi

Foto: Olympics

«PSJ» yana Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Parij klubi Budapeshtda o‘tgan finalda Londonning «Arsenal» jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.

Asosiy va qo‘shimcha vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Mikel Arteta jamoasi uchrashuvni faol boshladi. «Arsenal» oltinchi daqiqadayoq hisobni ochdi.

Kay Haverts jarima maydoniga yorib kirdi va kuchli zarba bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Matvey Safonov bu vaziyatda jamoasini qutqara olmadi.

Shundan so‘ng «PSJ» tashabbusni qo‘lga olishga harakat qildi. Parijliklar to‘pga ko‘proq egalik qildi va raqib jarima maydoni atrofida bosimni oshirdi. Biroq birinchi bo‘limda hisob o‘zgarmadi. «Arsenal» tanaffusga minimal ustunlik bilan chiqdi.

Usmon Dembele hisobni tenglashtirdi

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/2026-05-30-20-47-04_encodedarsen1.mp4

Ikkinchi bo‘limda «PSJ» hujumlarni kuchaytirdi. 64-daqiqada hakam VAR orqali vaziyatni ko‘rib chiqdi va «Arsenal» darvozasiga penalti belgiladi.

Usmon Dembele 11 metrlik zarbani aniq amalga oshirdi. Shu tariqa hisob 1:1 ko‘rinishiga keldi. Keyingi daqiqalarda har ikki jamoa g‘alaba golini urishga yaqin keldi. «PSJ» safida Xvicha Kvaratsxeliya va Dezire Due faol harakat qildi.

«Arsenal»da esa Bukayo Saka va Viktor Dyokeresh qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi.

G‘olib penaltilarda aniqlandi

Qo‘shimcha vaqtda ham hisob o‘zgarmadi. Shu sabab final taqdiri penaltilar seriyasida hal bo‘ldi. Seriyadagi muhim vaziyatlardan birida David Raya Nunu Mendeshning zarbasini qaytardi. Ammo keyin Eberechi Eze darvozani ishg‘ol qila olmadi.

Hal qiluvchi zarbani Ashraf Hakimi amalga oshirdi. U David Rayani dog‘da qoldirib, PSJga g‘alaba keltirdi. Parij klubi penaltilar seriyasida 3:2 hisobida ustun keldi va Chempionlar ligasi titulini saqlab qoldi.

Shu tariqa «PSJ» ketma-ket ikkinchi bor Yevropaning eng nufuzli klub turnirida g‘olib bo‘ldi. Matvey Safonov ham parijliklar safida Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Liverpul» bosh murabbiy Arne Slotni iste’foga chiqargani haqida yozgan edi.