
Respublika hududi 5 kunda 70 ming tonna chiqindidan tozalandi. Qurbon hayiti munosabati bilan respublika bo‘ylab «Dolzarb 10 kunlik» tozalik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Tadbirlar 25-maydan 3-iyungacha davom etadi. Dastlabki 5 kun ichida respublika bo‘ylab 14,5 mingta mahalla hududi tozalandi.
Jarayonlarga 33 ming nafar xodim va 12.5 mingta maxsus texnika jalb qilindi. Hududlardan 71 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqilib, belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi qo‘riqlash xizmati mansabdor shaxslari ko‘rib chiqishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari huzuridagi qo‘riqlash xizmatlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga ayrim ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berildi. Jumladan, ular jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqadi. Shuningdek, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash va to‘kish holatlari ham ushbu vakolat doirasiga kiritildi.