
Sergeli avtomobil bozoridagi 30 ta olib-sotarga qamoq va jarima tayinlandi. Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasiga ko‘ra, ular xaridorlarni chalg‘itib, mahsulotlarni bir necha barobar qimmat sotishga uringan.
Tekshiruvlar davomida bozor hududida noqonuniy vositachilik bilan shug‘ullangan 100 nafar shaxs aniqlandi. Ulardan 50 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi, 30 nafariga esa Sergeli tumani sudi tomonidan ma’muriy qamoq va jarima jazosi tayinlandi.
Ma’lum qilinishicha, bunday olib-sotarlar xaridorlarni arzon narx va tez xizmat va’dasi bilan jalb qiladi. Natijada ayrim ehtiyot qismlar va xizmatlar asl qiymatidan ikki-uch barobar qimmat narxda sotiladi.
Huquq-tartibot organlari bunday holatlar sifatsiz mahsulotlar savdosining ko‘payishi, narxlarning sun’iy oshishi va xaridorlarning bozorga bo‘lgan ishonchi pasayishiga sabab bo‘layotganini qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023–2024-yillarda Sergeli avtomobil bozorida firibgarlik bilan bog‘liq qator jinoyatlar aniqlangan. Ayrim shaxslar avtomobil yoki ehtiyot qismlarni arzon narxda olib berishni va’da qilib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgani uchun 8 va 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergelidagi avtomobil bozorida Situatsion markaz tashkil etilishi xabar qilingandi. Ushbu markaz orqali savdo jarayonlarini monitoring qilish va tartibga solish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi tashabbusi bilan «Raqamli avtomobil bozori» axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha dastlabki texnik topshiriqlar ishlab chiqilmoqda.