
Maxsus komissiya va meteorologlar O‘zbekistonning bir qator hududlarida 1-iyun kuni qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari yuz berishi ehtimolidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, nam havo oqimlarining kirib kelishi arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida shamol kuchayishi natijasida havoga chang ko‘tarilishi mumkin.
Sinoptiklar kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘lishi, ayrim joylarda yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishini prognoz qilmoqda. Shamol tezligi ayrim hududlarda soniyasiga 18 metrgacha yetishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuchli shamol tufayli havodagi mayda chang zarralari miqdori vaqtincha ortadi. Ayniqsa, PM10 ko‘rsatkichining oshishi kuzatilishi mumkin. Biroq kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik hisobiga atmosfera havosining tozalanishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan nafas yo‘llari, allergik hamda yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etildi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt tashqarida bo‘lmaslik, uy va ish joylarida derazalarni yopiq saqlash hamda himoya niqoblaridan foydalanish tavsiya qilinmoqda.
Havo sifati bo‘yicha vaziyat mutasaddilar tomonidan doimiy nazorat qilinayotgani bildirildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 1-iyun kuni ob-havo qanday bo‘lishi haqida yozgandi.