Avto

2027-yilgi Chevrolet Bolt yangi sariq rangda chiqadi

Chevrolet Bolt AQSh bozoridagi eng arzon yangi elektromobillardan biri bo‘lishi kutilmoqda
2027-yilgi Chevrolet Bolt yangi sariq rangda chiqadi
Foto: Chevrolet

Chevrolet Bolt modeli 2027-yilgi avlod bilan bozorga qaytmoqda. GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, 2027-yilgi Chevrolet Bolt uchun sariq rang ham taklif etiladi.

Ushbu rang G4C kodi bilan belgilangan. Bo‘yoqni ta’mirlash uchun WA-240L raqami ko‘rsatilgan. Atomic Yellow faqat RS komplektatsiyasi uchun mavjud bo‘ladi. Chevrolet Bolt LT versiyasida bu rang taklif etilmaydi. Yangi sariq rang uchun xaridorlar qo‘shimcha $395 to‘laydi. Bu rang 2027-yilgi Bolt uchun taqdim etilgan beshta yangi bo‘yoq variantidan biridir.

Qizig‘i, Atomic Yellow avvalgi avlod Bolt EV yoki Bolt EUV ranglarining bevosita o‘rnini bosmaydi. Bolt oxirgi marta 2019-yilda sariq rangda taklif qilingan edi. O‘sha paytda model Shock nomli rangda sotilgan. Uning bo‘yoq kodi GKO bo‘lgan.

Foto: Chevrolet

2027-yilgi Chevrolet Bolt jami yetti xil rangda taklif etiladi. Ular orasida Atomic Yellow, Habanero Orange, Marina Blue Metallic va Mosaic Black Metallic bor. Shuningdek, Relic Green Metallic, Sterling Gray Metallic va Summit White ranglari ham mavjud bo‘ladi.

Chevrolet Bolt AQSh bozoridagi eng arzon yangi elektromobillardan biri bo‘lishi kutilmoqda. LT versiyasi $28 995 dan boshlanadi. RS versiyasining narxi esa $32 995 dan boshlanadi. Ushbu narxlarga yetkazib berish to‘lovi ham kiritilgan.

Texnik jihatdan model GM BEV2 platformasiga asoslanadi. Bir quvvatlanishda yurish masofasi 262 mil, ya’ni taxminan 422 km deb baholangan. 2027-yilgi Chevrolet Bolt ishlab chiqarilishi GM’ning Kanzas-Sitidagi Fairfax zavodida yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2027-yilgi Chevrolet Bolt endi Super Cruise tizimi bilan buyurtma qilinishi haqida yozgan edi.